Italiya Vazirlar Kengashi koronavirusga qarshi kurash choralariga, xususan harakatlanish cheklovlariga rioya qilmagan fuqarolar uchun 400 dan 3 ming yevrogacha jarimani ma’qulladi, deya xabar beradi Italiya OAV.

Foto: EPA-EFE/MAURIZIO BRAMBATTI

Italiya Bosh vaziri Juzeppe Konte vatandoshlarning koronavirus bilan kurashish bo’yicha ko’rilayotgan choralarga reaksiyasidan g’ururlanishini aytdi. “Fuqarolarning aksariyati yangi qoidalarga amal qilmoqdalar”, dedi u.

Konte, shuningdek, Italiya ommaviy axborot vositalarida Italiyada cheklov choralari 31-iyulgacha davom etishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

“Favqulodda holat 31-iyulgacha e’lon qilindi. Ammo bu cheklov choralari 31-iyulgacha uzaytirilishini anglatmaydi”, dedi u va Italiya rasmiylari cheklovlarni ancha oldinroq olib tashlashga umid qilayotganlarini ta’kidlagan.

Koronavirus kasalligi bo’yicha Italiya Xitoydan keyingi ikkinchi o’rinda turmoqda. Ushbu infeksiya mamlakatda 69 ming odamda aniqlangan. Vafot etganlar soni bo’yicha Italiya birinchi o’rinni egalladi: koronavirus bilan kasallangan 6,8 mingdan ortiq bemor shu yerda vafot etdi. 8,3 ming kishi tuzalgan.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 421 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 18,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.