Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining “Xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamalari portaliga joylashtirildi. Bu haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Google

Quyida qaror loyihasi bilan toʻliq tanishishingiz mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 4-dekabrdagi PF–5887-son Farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash, shuningdek, xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari faoliyatini tartibga solish va yana-da rivojlantirish, xalqaro standart va talablar asosida mamlakat terma jamoalari uchun professional darajadagi futbolchilarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari (keyingi oʻrinlarda futbol maktablari deb ataladi) toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Futbol maktablarining asosiy yoʻnalish va vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

  • iqtidorli bolalar va isteʼdodli yoshlarni aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash orqali sport tayyorgarligining yuqori sifatini taʼminlaydigan qulay shart-sharoitlarni yaratish;
  • ilgʻor xalqaro tajribalarni inobatga olib, sportchilar tayyorlashning zamonaviy ilmiy yutuqlari va innovatsion texnologiyalardan foydalanish asosida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirish;
  • sport zaxirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, oʻquv-metodik, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni taʼminlash;
  • oʻquv-tarbiya jarayonining sogʻlomlashtiruvchi yoʻnalishlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, sogʻlom turmush tarzi normalarini joriy etish. 

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

  • futbol maktablarining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan Xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari faoliyatini tashkil etish komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) ijobiy xulosasi asosida tashkil etiladi;
  • futbol maktablarini faoliyat yuritishi uchun qoʻyiladigan minimal talablar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
  • futbol maktablarining faoliyat yuritishlari uchun Komissiyaning ijobiy xulosasi ikki yil muddatga beriladi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Komissiyaning ijobiy xulosasiga ega boʻlmagan futbol maktablarining faoliyatini toʻxtatish yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, futbol maktablari:

  • oʻz faoliyatini futbolchilar tayyorlash dasturi va talablar asosida amalga oshiradi;
  • amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga qatʼiy rioya qilgan holda yuqori malakali futbol trenerlari bilan taʼminlash, oʻquv-mashq jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini koʻradi;
  • futbolchilarni tayyorlash toʻlov shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan oʻzaro munosabat oʻrnatadi;
  • oʻz faoliyatini aholiga pullik xizmatlar koʻrsatish, xayriya jamgʻarmalari, grant mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiradi.

6. Futbol maktablari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida futbol maktabidagi jami oʻquvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda, pullik xizmatlarni koʻrsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan, futbol maktabiga bepul qabul qilishi belgilab qoʻyilsin. Keyingi yillarda shugʻullanuvchilarni bepul shugʻullanishini davom ettirish boʻyicha qaror futbol maktabi tomonidan shugʻullanuvchining oilaviy sharoiti va uning sportdagi natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

7. Futbol maktablariga, istisno tariqasida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili koʻchmas davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalarini qoʻllamagan holda davlat mulkini ijaraga berish markazlari ishtirokisiz balansida sport inshootlari boʻlgan byudjet tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ijara shartnomalari tuzishga ruxsat berilsin.

8. Futbol maktablariga ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda quyidagilar tavsiya qilinsin:

  • futbol boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini zamonaviy innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etish;
  • zamonaviy ilmiy yutuqlar va amaliy tajribalarni joriy etish uchun oʻquv-mashq jarayoniga xorijiy trener va mutaxassislarni jalb qilish.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

10. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga mazkur qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish hamda aholiga yetkazish tavsiya etilsin.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev zimmasiga yuklansin.