Xitoy hukumati 25 mart kuni Xubey provinsiyasiga kirish va chiqish boʻyicha cheklovlarni bekor qildi. Hujjatga koʻra, ushbu qaror mintaqadagi epidemiologik vaziyat yaxshilanishi ortidan qabul qilindi, deb yozmoqda “Xalq so’zi”.

Foto: Google

“25-mart soat 00:00 dan boshlab Xubey provinsiyasida, Uxan shahri tumani bundan mustasno, yoʻllardagi cheklovlar olib tashlanadi va kirish hamda chiqish uchun transport vositalari harakati tiklanadi. Xubeyni tark etgan odamlar sogʻliqni saqlash kodi asosida harakat qilishi mumkin.

Shuningdek, 8-aprel kuni soat 00:00dan Uxanda tranzit yoʻllar boʻylab harakatlanish cheklovlari olib tashlanadi va shaharga kirish hamda chiqish uchun transport qatnovi tiklanadi”, — deyilgan bayonotda.

Eslatib oʻtamiz, Uxan va Xubey provinsiyasida karantin 23-yanvardan boshlangandi. 

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 421 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 18,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan..