Karantin amalda bo‘lgan vaqtda kommunal korxonalar jarima va penya hisoblamaydi, shuningdek, iste’molchilarni elektr energiyasi, issiqlik, gaz va suv ta’minotidan uzib qo‘ymaydi.

Foto: Google

Koronavirus xavfi mavjudligi sababli cheklov choralari joriy etilgan vaqtda iste’molchilar qarzdorlik sababli kommunal xizmatlardan uzib qo‘yilmaydi, deya xabar qildi O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Energetika vazirligi matbuot xizmatlari «Gazeta.uz» nashriga.

«Mintaqaviy elektr tarmoqlari» kompaniyasi ham elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlikka ega iste’molchilar tarmoqdan uzib qo‘yilmasligini e’lon qilgan edi.

Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni uydan chiqmagan holda to‘lov tizimlari va mobil ilovalar orqali amalga oshirish tavsiya qilinmoqda.

Yig‘ilib qolgan qarzdorlik karantin yakuniga yetishi bilan qoplanishi kerak, deyiladi xabarda.

Avvalroq hukumat qarori bilan internet va telefon aloqasi bo‘yicha qarzdorlar ikki oy davomida tarmoqdan uzilmasligini xabar qilingan edi.

Ma’lumot uchun, 15 mart kuni O’zbekistonda yangi turdagi koronavirusning birinchi holati aniqlandi. Hozirgi vaqtga kelib ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 50 nafarni tashkil etmoqda.