Saudiya Arabistoni Qirolligi rasmiylari Covid-19 kasalligiga chalingan bemorlardan biri vafot etganini tasdiqladi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, u 51 yoshli afg‘onistonlik erkak bo‘lgan, deya xabar bermoqda “TASS“.

Saudiya Arabistoni
Foto: Google

Qirollik Fors ko‘rfazi davlatlari orasida koronavirusdan zararlanganlar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Erondan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi: seshanba kuni yana 205 ta yangi holat aniqlangani xabar qilindi, hozirgacha jami 767 kishi bu virusga chalingan.

Hukumat virus tarqalishiga chora ko‘rish maqsadida keskin karantin choralarini qo‘llayapti: dastlab umra ziyoratiga xorijdan keluvchilarga viza berish to‘xtatildi; keyin mamlakat fuqarolariga ham umra qilish taqiqlandi; bir hafta avval asosiy ikki masjiddan tashqari mamlakatdagi barcha masjidlar namozxonlar uchun yopildi; undan ikki kun o‘tib tarixda birinchi marta Makkadagi Masjidul-Harom va Madinadagi Masjidun-Nabaviyya ham to‘liq yopildi. 

Hozirda Saudiya Arabistonida tungi vaqtda komendantlik soati joriy etilgan, barcha jamoat transporti to‘xtatilgan.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 381 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 16,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.