Foto: Publika.uz

Bu haqida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida aytilmoqda.

Qayd etilishicha, bu boradagi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi 2020 yil 1 aprelga qadar ishlab chiqiladi. Ijro uchun mas’ullar – Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Vazirlar Mahkamasi, IIV, TIV, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi, vazirlik va idoralar.

Loyihalarda:

2020 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda doimiy propiska mavjudligi haqidagi talabni bekor qilish;

O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish;

ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlar o‘rtasida tafovutni bartaraf etish va ichki migratsiyani erkinlashtirish nuqtai nazaridan, propiska tizimini isloh qilish nazarda tutiladi.