Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus infeksiyasi yuzasidan mamlakatimizdagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Foto: Google

– Aksariyat davlatlarda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat jiddiylashib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasida koronavirusga chalingan 49 fuqaro aniqlangan. Koronavirus bo‘yicha epidemik noxush hududlarga borib kelgan va kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan 11 mingdan ko‘proq odamga karantin muddatini o‘tab, salomatligi kafolatlanganidan keyin uyiga javob berildi. Shu bugunga kelib 20 mingdan ko‘proq fuqaromiz karantin muddatini o‘tayapti. Shifoxonadagi bemorlarimizning ahvoli nazorat ostida. Umumiy ro‘yxatga olingan bemorlarning 10 nafarida o‘pka yallig‘lanishi, ya’ni pnevmoniya belgilari kuzatilgan. Qolgan bemorlarning ahvoli qoniqarli.

Hurmatli vatandoshlar!

Hozir O‘zbekistonda karantin davri, cheklov davri. Bundan asosiy maqsad, odamlarning bir-biri bilan muloqotini keskin kamaytirish, kasallik bir odamdan ikkinchi odamga o‘tishining oldini olishdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotga ko‘ra, agar biz karantin tadbirlariga rioya qilmasak har birimiz bir oyda 406 kishiga kasallik yuqtirishimiz mumkin. Shu bois, imkon qadar uyda qoling, ehtiyoj bo‘lmasa ko‘chaga chiqmang. Ko‘chaga chiqish zarurati bo‘ladigan bo‘lsa, ehtiyot chorangizni qiling: doka niqoblarni taqib chiqing, uyga qaytgan zahoti farzandlaringiz, oila a’zolaringiz bilan ko‘rishishdan oldin qo‘lingizni yaxshilab yuving, gigiena vositalaridan foydalaning. Eng asosiysi, tadbirlarni har birimiz mas’uliyat bilan bajarishimiz, karantin talablariga rioya qilishimiz kerak.

Ba’zi bir davlatlarda, jumladan, Kanadada karantin tadbirlarini buzganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. O‘zbekistonda jazo choralari o‘ta keskin bo‘lmasada, har birimiz mas’uliyat bilan yondashamiz degan umiddamiz. Barchamiz tibbiyot xodimlari, jumladan, ommaviy axborot vositalarida berilayotgan barcha tavsiya va talablarga rioya qilishimiz kerak. Aks holda epidemik jarayon murakkablashishiga sababchi bo‘lib qolishimiz mumkin, deyiladi bayonotda.