Oʻzbekistonda maxsus karantin obʼyektlari quriladi. Bu “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Hukumat qarorida koʻzda tutilgan.

Foto: Gazeta

Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 4 ta, viloyatlar va Toshkent shahrida 3 tadan 14 kunlik karantin tadbirlari uchun moslashtirilgan bazalar tashkil etiladi.

Karantinda saqlanayotgan shaxslarni bir-biridan ajratgan holda ular oʻrtasida koronavirus infektsiyasi tarqalishining maksimal oldini olish imkonini beruvchi maxsus karantin obʼyektlari quriladi.

Shuningdek, koronavirus yuqtirgan yoki uni yuqtirganlikda gumon qilinib karantinga joylashtirilgan shaxslarga tegishli mobil telefon, audio va video vositalar, bank kartalari va boshqa axborot tashuvchi buyumlar vaqtincha olib qoʻyiladi.

Eslatib oʻtamiz, hozirda chet mamlakatlarda boʻlib turgan fuqarolar maxsus charter reyslar orqali Oʻzbekistonga olib kelinib, 14 kunlik karantinda saqlanmoqda.

Ma’lumot uchun, 15 mart kuni O’zbekistonda yangi turdagi koronavirusning birinchi holati aniqlandi. Hozirgi vaqtga kelib ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 49 nafarni tashkil etmoqda.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.