International Journal of Antimicrobial Agents nashri xabariga ko‘ra, fransiyalik olimlar SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi dori vositasining klinik tadqiqotlari natijasi muvaffaqiyatli bo‘lganini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Fransuz olimlari gidroksixloroxinning koronavirusga alohida va azitromitsin antibiotigi bilan birgalikdagi ta’sirini o‘rganishdi. Tadqiqotlar Marsel universitetining Méditerranée Infection gospitalidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkazildi.

Tadqiqotlarda COVID-19 simptomi bo‘lgan va simptomlar bo‘lmagan 36 kishi ishtirok etdi. Besh kun davomida yangi dori vositasini qabul qilgan olti bemorda koronavirus testi salbiy chiqdi, ya’ni ularning barchasi tuzaldi.

Olimlar ushbu natijani tasdiqlash uchun kengroq miqyosdagi klinik tadqiqotlar o‘tkazilishi kerakligini qayd etishmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 381 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 16,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.