Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson koronavirus pandemiyasi tufayli jiddiy cheklovlar qabul qilingani haqida e’lon qildi. Bu haqida BBC xabar bermoqda.

Foto: Google

Unga ko‘ra, endi britaniyaliklar uylarida qolishga majbur, ko‘chaga faqatgina zarur va aniq hollarda chiqishlari mumkin.

Yakshanbadan beri Angliyada koronavirusdan o‘lganlar soni 46 tani tashkil etdi. Mamlakatda jami 83945 kishidan tahlil olingan bo‘lsa, 6724 kishi infeksiyani yuqtirib olgan.

Jonson bundan buyon Britaniyada sport va bolalar maydonchalari, shuningdek diniy muassasala ham yopilishini bildirdi. Barcha ommaviy tadbirlar, nikoh marosimlari, cho‘qintirish bekor qilinadi. Faqatgina dafn marosimini o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 381 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 16,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.