Do’stlik tumanida epidemiyani oldini olish va tarqalishini cheklash maqsadida aholi ko‘p to‘planadigan umumiy ovqatlanish hamda ko‘ngilochar joylarda tadbirkorlarga faoliyatni vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ogohlantirilgan edi. Bu haqida Do’stlik tuman IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Google

Shunga qaramasdan, 21 mart kuni soat 17 – 45larda “Mevazor” mahallasida istiqomat qiluvchi xususiy tadbirkor F.K.ga tegishli choyxona ishlatayotganligi aniqlangan va holat yuzasidan tegishli tartibda ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozirda karantin qoidalarini buzgan tadbirkorning xatti-harakati bo‘yicha tuman IIB tomonidan surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, hozirgi paytda belgilangan tartibga rioya qilmaslik yoki uni buzish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-moddasi (Sanitariya qonun hujjatlarini, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzish — fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) hamda 54-moddasi (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish — fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) bilan javobgarlikka tortiladi.

Agar fuqarolar Sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 257/1 moddasi bilan jazolanadi, deyiladi xabarda.