Shifokorlar hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan insonlar salomatligini oʻylab tarqatilgan chellenj shiorlari baʼzi bir fuqarolar tomonidan kulguga olindi. “Sputnik” bu haqida yozmoqda.

Foto: AP Photo

Qayd etilishicha, joriy yilning 20 mart kuni “Facebook” ijtimoiy tarmogʻida yuritilayotgan, 223 mingga yaqin obunachilariga ega boʻlgan guruhda joylashtirilgan post koʻpchilikning qizgʻin salbiy muhokamasiga sabab boʻlgan.

Ushbu postda fotosurat joylashtirilgan boʻlib, unda “Biz siz uchun avtomobil chiqaryapmiz, siz biz uchun uni sotib oling” mazmunidagi yozuv aks etgan.

Ayni damdagi epidemik vaziyatni jiddiy qabul qilmay, suratlardagi soʻzlarni fotoshop orqali oʻzgartirib, tarqatayotganlar shaxsiga Toshkent shahar IIBB hamda Fargʻona viloyati IIB tomonidan qisqa fursatda aniqlik kiritilgan.

Natijada ularning Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi “Uzmotors” AJ uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “Uzsungvu” qoʻshma korxonasining MCHJ  ishchilari ekanligi maʼlum boʻlgan.

Hozirda ushbu shaxslar sodir etgan xatti-harakatlar yuzasidan maʼmuriy javobgarlikka tortish choralari olib borilmoqda.