Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhanov koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida karantin rejimini kuchaytirish taklif etdi.

Akmal Burhanov

Xususan:

  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida favqulodda holat joriy etish;
  • Karantin shartlariga rioya etilishi ustidan lozim darajadagi nazorat olib borish uchun armiyani qisman safarbar etish;
  • Butun respublika hududida temir yo‘l, havo yo‘llari, avtomobil transporti orqali yo‘lovchilarning shaharlar va tumanlararo harakatlanishini cheklash;
  • Joylarda, ayniqsa mamlakatning chekka hududlarida ko‘chma punktlar va laboratoriyalar tashkil etish va ularni koronavirusni aniqlovchi ekspress-testlar bilan ta’minlash;
  • Covid-19 virusini aniqlashga mo‘ljallangan ekspress-testlarning importi va realizasiyasi bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektorni davlat tomonidan qo‘llab quvvatlash;
  • Epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, jumladan barcha muassasa va tashkilotlar, jamoat joylari (transport, dam olish joylari,savdo markazlari,bozorlar,yonilg‘i quyish shahobchalari, ko‘p qavatli binolarning kirish joylari) binolarini bepul dezinfeksiya qilish;
  • Alohida korxona va tashkilotlarni zarur bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirish, masalan, shaxsiy himoya vositalari( tibbiy niqob, respirator va b.), antiseptik vositalar, preparat va uskunalar (sun’iy nafas oldirish apparatlari);
  • Masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimini, shu jumladan hududlarda zarur tibbiy dorilar va vositalar, oziq-ovqat va boshqa zaruriy mahsulotlarni yetkazib berish xizmatlarini kengaytirish.

Eslatib o’tamiz, 24 martdan boshlab Toshkent shahriga kirish ham, chiqish ham barcha avtotransport vositalari uchun yopilishi haqida xabar berilgan edi.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.