Kuni kecha maxsus charter reys bilan Xitoydan Navoiy xalqaro aeroportiga “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar uchun ipak qurti urug‘lari olib kelindi. Bu haqida Davlat bojxona qo’mitasining axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Davlat bojxona qo’mitasining axborot xizmati

Mazkur tovarlar va ekipaj a’zolari sanitar epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan nazoratdan o‘tkazilib, tovarlar kargo yuk terminaliga joylashtirildi.

Ipak qurti urug‘lari alohida saqlash sharoitlarini talab qiluvchi tovar hisoblanganligi bois qisqa muddatlarda bojxona nazorati amalga oshirildi. Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida esa ushbu tovarlarga bojxona to‘lovlaridan 3,3 mlrd. so‘mdan ortiq imtiyozlar qo‘llanildi.

Ta’kidlash joizki, koronavirus epidaemiyasi sharoitida mamlakatimizning chegara o‘tkazish punktlari orqali shaxslar va yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Biroq, ushbu cheklovlar tashqi savdo yuklariga tadbiq etilmaydi.

Birgina misol – joriy yilning fevral oyida “Navoiy xalqaro aeroporti” yuk terminaliga 900 tonnadan ortiq tovarlar chetdan olib kelingan bo‘lsa, mart oyining o‘tgan davrida ushbu ko‘rsatkich 1200 tonnani tashkil etmoqda.

Demak, yurtimizda koronavirusga doir cheklovlar sharoitida mahsulotlar taqchilligi kuzatilishi bilan bog‘liq xavotirlar asossiz. Ushbu vaziyatda bizdan ortiqcha vahima berilmasdan, sanitariya qoidalariga to‘liq rioya qilish talab etiladi, xolos.