Oxirgi besh kun davomida butun Fransiya bo‘ylab 90 ming nafardan ortiq kishi karantinda bo‘lish qoidalari va o‘zini-o‘zi izolyasiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarni buzdi. Krizis vaziyatlarni izga tushirish va fuqarolar xavfsizligi bosh boshqarmasi direktori Alena Trionaning aytishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar 1,7 million marotaba karantin qoidalari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazgan.

luvr muzeyi parij fransiya
Foto: Son

“Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 22 mart kunining o‘zidayoq, 22 574 ta holatda fuqarolarga jarima solingan. Umumiy hisobda 5 kunlik tekshiruvlar davomida 91824 ta jarima kvitansiyasi yozildi”, — deydi Triona xonim.

Ayni vaqtda Fransiya bo‘ylab, 16 mingdan ortiq kishi koronavirus bilan kasallangan, vafot etganlar soni, 22 mart holatiga 674 tani tashkil qilmoqda.

Mamlakatda 17 martdan boshlab, fuqarolarning ko‘chalarga zaruratsiz chiqishi taqiqlab qo‘yildi. Birinchi marotaba ko‘chaga zaruratsiz chiqqan fuqaroga 135 yevro, qoidabuzarlik qaytarilsa 1500 yevrogacha jarima qo‘llaniladi.

Agar, fuqarolar to‘rtinchi marotaba ham ushbu qoidalarga amal qilishdan bosh tortsa, 3750 yevro jarima yoki yarim yilga qamoqqa olinishi mumkin.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 335 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 14,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.