Farmoyishga asosan, shahar hududida avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksi transport vositalarini kunlik dezinfeksiya qilgan holda faoliyatga chiqishlari qat’iy belgilab qo‘yiladi. Bu haqida shahar hokimligi axborot xizmati xabar bergan.

Foto: Google

Namangan viloyati hokimining tegishli farmoyishi bilan viloyat hududida koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurash tadbirlari doirasida 2020 yil 23 martdan boshlab, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mulkchilik shaklidan qat’iy nazar “Damas” rusumli avtotransport vositalarining Namangan shahri hududida harakati vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Farmoyishga asosan, shahar hududida avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksi transport vositalarini kunlik dezinfeksiya qilgan holda faoliyatga chiqishlari qat’iy belgilab qo‘yiladi.

Viloyat transport boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi, viloyat IIB YHXB, viloyat davlat soliq boshqarmasi va Namangan shahar hokimligiga Namangan shahri hududida jamoat transporti (avtobus, mikroavtobus) va yo‘nalishsiz taksi transport vositalarini kunlik dezinfeksiya qilgan holda yo‘lga chiqishini ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lkira narxi asossiz oshirib yuborilmasligi hamda dezinfeksiya qilingan jamoat transporti (avtobus, mikroavtobus) va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari, avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashishga yo‘l qo‘yilmasligini qat’iy nazoratga olish vazifasi yuklatildi.