Foto: O’zA

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, Nukus shahri umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida ta’kidlanganidek, nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi.

Har jihatdan puxta tuzilgan test talabalikka da’vogarlarning tafakkurini, bilim darajasini, saviyasini xolisona baholay oladi. Test tizimi o‘tgan yillar mobaynida ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasidagi eng yaxshi jihatlarni o‘ziga singdirgan holda takomillashib keldi. Har yili respublikamizning ko‘p sonli yoshlari o‘zlarining yuksak umid va hayotiy rejalarini ro‘yobga chiqarish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun hujjat topshiradi.

O‘tgan o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul test sinovlari jarayonlari, ko‘pchilik e’tirof etganidek, ancha shaffof, oshkora va adolatli o‘tdi. Bu eng avvalo hukumatimiz rahbariyatining ushbu sohada olib borayotgan oqilona siyosati, islohotlari natijasidir.

Joriy o‘quv yili uchun kiritilgan o‘zgarish va yangiliklarga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalgi yillarda abiturient hujjat topshirish, ruxsatnoma olish, test sinovida qatnashish uchun bir necha marta oliy ta’lim muassasasiga borishi shart edi. 2019 yildan boshlab ro‘yxatdan o‘tishda eksterritoriallik tamoyili joriy qilindi. Natijada abiturientlarga yashash joyi yoki oliy ta’lim muassasasi joylashgan hududdan qat’iy nazar, o‘z hududidagi davlat xizmatlari markazlari yoki o‘ziga yaqin OTMda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratildi.

2020/2021 o‘quv yili uchun esa mazkur jarayonni yanada takomillashtirib, abiturient hoxlagan joyida (masalan, uyida yoki ta’lim muassasasida va h.k.) Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali o‘z hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratilmoqda.

Foto: O’zA

Fanlar majmuasi, testlar soni va baholash mezoni 2019 yilning 19 dekabr’ kuni Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 11-son bayoni bilan tasdiqlandi. Jumladan, har bir fan bo‘yicha savollar soni ham tasdiqlab berildi. Bunda majburiy fanlar: ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tillari), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlarining har biridan 15 tadan savol beriladi. Jami bo‘lib majburiy fan blokida 45 ta savol bo‘ladi.

Ilgari test savollariga 1.1, 2.1, 3.1 ballar berilgan bo‘lsa, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab majburiy fanlar bo‘yicha berilgan har bir to‘g‘ri javob uchun bir xil – 2.1 ball beriladi. Abiturient majburiy blokdagi 45 ta savolning barchasiga to‘g‘ri javob bergan taqdirda 94.5 ball oladi.

Test sinovlarida mutaxassislikka oid 2 ta fandan savol bo‘ladi. Har bitta fandan 30 tadan savol berilgan bo‘lib, ikkala fan bo‘yicha berilgan to‘g‘ri javob 3.1 ball bilan baholanadi. Bitta fan bo‘yicha maksimal 93, ikkita fan bo‘yicha esa 186 ball to‘plash mumkin. Shu tariqa beshta fandan beriladigan barcha 105 ta savolga to‘g‘ri javob berilgan taqdirda 280.5 ball to‘plash mumkin bo‘ladi.

Majburiy fanlar bo‘yicha test topshiriqlarining namunalari 2019 yilning 22–30 oktyabr’ kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi akademik lisey va maktablarning bitiruvchilari ishtirokida aprobasiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, majburiy fanlardan shakllantirilgan test topshiriqlari onlayn aprobasiyadan o‘tkazish ishlari ham tashkil etildi. Mazkur jarayonda qatnashish istagini bildirgan talabgorlarga DTM rasmiy sayti orqali majburiy fanlar bo‘yicha test topshiriqlari namunalarini olish va aprobasiyada ishtirok etish, bu orqali o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyati yaratildi.

So‘nggi yillarda abiturientlarda kirish imtihonlariga tayyorlanganda, asosan 2 ta yoki faqat birinchi blokdagi fanni yaxshi o‘zlashtirib, talaba bo‘laman, degan dunyoqarash shakllanib qoldi.

Yangiliklardan asosiy maqsad, o‘quvchilarning faqatgina bir fanni o‘rganib, oliy ta’lim muassasasiga kirishini emas, balki ularning dunyoqarashi kengayishiga yo‘naltirilgan. Endilikda ularning umumta’lim maktablarida o‘qitiladigan fanlarni bir xilda o‘rganib borishlari talab qilinadi. Bu o‘quvchining maktab fanlarini o‘rganishiga. shuningdek, tavakkalchilikning oldini olishga ham qaratilgan.

Qo‘shimcha 3 ta fandan test topshirilishi ko‘pchilikka yangilik va juda qiyin deb qaraladi. Biroq majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari, birinchi navbatda, o‘quv dasturlari bo‘yicha oddiy turda, abiturientning umumiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi va tayanch bilimlari baholashga yo‘naltirilgan birinchi qiyinchilik darajasida bo‘ladi.

Albatta, o‘quvchilar yuqori sinflarda chuqurlashtirilgan holda o‘ziga kerakli fanni o‘rganishi mumkin. Ammo har bir o‘quvchi umumta’lim maktabida belgilangan dasturni o‘rganib, to‘laqonli har tomonlama rivojlangan bo‘lib maktabni bitirishi zarur. Mana shu nuqtai nazardan, xorijiy tajribani o‘rgangan holda va bitiruvchilarimizning dunyoqarashi har tomonlama keng bo‘lishi lozimligini inobatga olib, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga majburiy fanlar bo‘limi qo‘shildi.