COVID-19 koronavirusini yuqtirib, davolanib chiqqan 60 yoshli britaniyalik shifokor Kler Gerada kasallik alomatlari haqida “Daily Mail“ga gapirib berdi.

Foto: Daily Mail

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, u Nyu-Yorkda koronavirusni yuqtirgan, ammo uyiga qaytganidan so‘ng kasallik belgilari paydo bo‘lgan. Ayol yakshanba kuni Britaniyaga uchib keladi, dushanba kuni ishga chiqadi va seshanba kuni ertalab charchaganini his qiladi.

«Ertalab quruq yo‘tal bilan uyg‘ondim. Avvaliga yo‘tal yengilroq edi va men buni uzoq parvoz tufayli deb o‘ylagandim», dedi u.

Ammo so‘ng, u tomog‘ida kuchli quruqlik sezib, qattiq og‘riq turganin aytadi.

«Go‘yo kimdir mening tomog‘imga pichoq sanchgandek edi», deya qo‘shimcha qildi Gerada.

Keyin, uning so‘zlariga ko‘ra, harorati ko‘tariladi, isitma va titroq boshlanadi.

«Men bu koronavirus ekanligini angladim, chunki avval hech qachon bunday og‘ir kasal bo‘lmaganman va odatiy gripp mavsumi ham tugagandi», dedi shifokor.

Gerada analizlar topshiradi va o‘zini izolyasiya qilishga qaror qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ahvoli tezda yomonlashgan: bir necha soatdan keyin ayol ishtahasini yo‘qotadi, bundan tashqari, barcha taomlar qandaydir metall ta’mga ega edi. U ovqatni zo‘rlik bilan yutishga majbur bo‘ladi va tomog‘idagi quruqlik tufayli choy o‘rniga limonli suv ichadi. Gerada qayd etgan yana bir alomat bu – burundagi yaralar edi. U tomog‘ini ham shunday yaralar qoplaganini taxmin qiladi.

Shifokorning aytishicha, uni judayam uyqu bosgan. U hech qachon o‘zini bunchalik yomon his qilmaganini aytadi.

«Men video kundalik yuritishni juda xohlardim, lekin hatto telefonni qo‘lga olish ham menga juda og‘ir tuyulardi», deydi ayol.

Haroratni pasaytirish uchun u kuniga uch marta ikkitadan paratsetamolli tabletka qabul qilgan. Juma kuni chiqqan analiz natijalari COVID-19 tashxisini tasdiqladi. Biroq, bu vaqtda ayol o‘zini yaxshi his qila boshlagandi – uning harorati pasayib, yo‘tali to‘xtadi. Shanba kuni uning ishtahasi qaytadi. Dushanba kuni (asoratlar boshlanganidan bir haftacha o‘tib) u tuzalib ketganini his qiladi, ammo shifokorlar buyurganidek, haftaning oxiriga qadar izolyasiyani davom ettirishga qaror qiladi.

Gerada koronavirus bilan kasallanganlarning aksariyati tuzalib ketishiga ishonadi. Uning ta’kidlashicha, u koronavirus qurbonlarining ko‘pchiligi turli boshqa kasalliklardan aziyat chekayotganlardir.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 150 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 300 mingdan ortiq odam kasallikni yuqtirgan, 12,5 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.