1394 yil 22 martida Sultoniya shahrida bobosi Amir Temur yurishida qatnashish sharafiga muyassar bo‘lgan chaqaloq tug‘ildi. U Shohruh Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, bobosi unga Muhammad Tarag‘ay deb ism qo‘ydi. Uni keyinchalik Ulug‘bek deb atay boshladilar.

Foto: Zarnews

1405 yil bobosi Amir Temur vafot etgach, Samarqand taxti 1409 yilda Ulug‘bekka nasib etdi. Ulug‘bekning bolalik yillari Amir Temurning harbiy yurishlarida o‘tdi. 1405 yilning boshida Xitoyga qilinayotgan yurish boshlanishi paytida Temur vafot etadi. Uning o‘limidan so‘ng to‘rt yil davomida farzandlari o‘rtasida taxt uchun kurash davom etadi. Otasi Shohruh Mirzo mamlakatning notinch qismi Xirotni poytaxt etib, ko‘chib ketdi.

Ulug‘bek 17 yoshida hokim bo‘lib, bobosidan qat’iy o‘laroq toj-taxt uchun kurashmadi. U hokimiyatni boshqarar ekan, ilm-fanni taraqqiy ettirdi. Madrasalar qurib, ilm arboblariga homiylik qildi. 40 yil davomida odil shoh, buyuk matematik, astronom degan ulug‘ nomlarga sazovor bo‘ldi.

Observatoriya qurib, yulduzlarni tekshirdi, sxemasini tuzdi «Ziji Ko‘ragoniy» nomli yulduzlar xaritasini tuzib, kelajak avlodlarga buyuk me’ros qoldirdi.

Ulug‘bekning ustozi sifatida munajjim Mavlono Ahmad ekanligini taxmin qilish mumkin. U Temur saroyidagi eng yirik olim bo‘lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuzgan. Lekin Ulug‘bek o‘zining “Ziji Ko‘ragoniy” asarida ustozi sifatida Qozizoda Rumiyni tilga oladi.

Ulug‘bek yoshligidanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy ta’sirida ulg‘ayadi. Shuning uchun Ulug‘bek yigirma yoshidayoq yirik olim sifatida taniladi. Olim ilmga bo‘lgan alohida ehtiromi tufayli yangi usuldagi bilim maskanlari – maktab va madrasalar barpo qildi. Bir vaqtning o‘zida Buxoro va G‘ijduvonda, Samarqandda uchta madrasa ochadi. Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417 yili boshlanib, uch yilda qurilish ishlari bitiriladi. Tez orada bu madrasa mudarris va olimlarni to‘play boshlaydi.

Shu tariqa Samarqanddagi maktabi shakllanadi. Samarqandga Movaraunnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan kelgan olimlarning soni 1417 yilga kelib 100 nafardan ortib ketadi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, hattotlar, rassomlar, me’morlar bor edi. Ular davrasida Qozizoda va Koshiy eng salobatli va nufuzli edi.

Samarqand madrasasining ochilishi marosimi 1420 yilda bo‘ladi. Mirzo Ulug‘bek madrasasi Sharq ilm-fani va madaniyati tarixida katta voqea bo‘ldi. Abdurahmon Jomiy ham dastlabki tahsilni ana shu madrasada oladi. Ushbu ilm maskanida alohida e’tibor beriladigan ilmlar falakiyotga oid fanlar edi. 1424 yili yulduzlar haqida asralar yozish, umuman yulduzlarni tadqiq etish uchun rasadxona qurilishi boshlanadi va u 1429 yilda qurib bitiriladi.

Ulug‘bek yirik olim bo‘lishiga qaramasdan, to‘rtta ilmiy asar yozib qoldiradi. Uning ko‘p vaqti davlat ishlari bilan bog‘liq masalalarga sarflanar edi.

Ulug‘bek qalamiga mansub eng mashhur asar “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy”dir. Riyoziyotga mansub “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola”, yulduzlarga bag‘ishlangan “Risolai Ulug‘bek” asari ham mavjud. Bu asarning yagona nusxasi Hindistonning Aligarx universiteti kutubxonasida saqlanadi. Uning tarixga oid “Tarixi arba’ ulus” asari ham mavjud (bu asarning o‘zbekcha tarjimasi 1990 yilda Toshkentda chop etildi). Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asari VIII-IX asrlarda boshlangan falakiyot an’anasini davom ettirsa-da, ularga nisbatan ilmiy saviyasi ancha yuqori ekanligi bilan ajralib turadi.

Ulug‘bek 1449 yili 27 oktyabrida halok bo‘ladi. Uning shogirdlari Ali Qushchi, Chalabiy tomonidan asarlari saqlab kolindi, ishlari poyoniga yetkazildi. Istambulda yashab ijod etgan Ali Qushchi xizmatlari tufayli Ulug‘bek va uning asarlari Yevropaga tarqatildi. Uning ilmiy ishlari butun dunyoga tanildi, yoyildi.

Bugun «Ziji» va «To‘rt ulus tarixi» asarlaridan butun dunyo ilm ahli bahramand bo‘lmoqda. Ulug‘bek katta hayotiy tajriba bilan «Podsholiklar yemiriladi, din tumandek tarqalib ketadi, olimu-fuzalolar ishi abadul- abaddir», degan nodir fikrlarni qoldirdi.