O‘zbekiston bir yil davomida Iqtisodiy erkinlik indeksida 26 pog‘ona yuqorilab, 186 davlat orasida 114-o‘rinni egalladi. “Meros” (Heritage Foundation) jamg‘armasi tomonidan “The Wall Street Journal” bilan hamkorlikda tuziladigan mazkur reyting 1995 yildan buyon e’lon qilib kelinadi.

Foto: O’zA

Reytingni ishlab chiqishda tahlilchilar 12 omil — egalik huquqi, sud samaradorligi, hukumat jipsligi, soliq yuklamasi, davlat sarf-xarajatlari, fiskal siyosat, tadbirkorlik erkinligi, mehnat erkinligi, monetar erkinlik, savdo erkinligi, investisiyaviy erkinlik, moliyaviy erkinlik kabi unsurlarni inobatga olishadi.

Ushbu ko‘rsatkichlar to‘rt guruhga bo‘lingan — “Qonun ustuvorligi”, “Iqtisodiyotda davlatning roli”, “Barqaror samaradorlik” va “Bozor shaffofligi”. Yillik indeks hisobotida 186 mamlakatning har biri 100-ballik tizimda alohida baholanadi.

80 dan 100 ballgacha to‘plagan mamlakatning iqtisodi “to‘liq erkin” hisoblanadi, 70-79,9 balli davlatlar “asosan, erkin” bahoga munosib ko‘riladi. 60-69,9 ball “muayyan erkin”likni, 50-59,9 ball “asosan, erksizlik”ni va 0-49,9 ball “to‘liq erksizlik”ni anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutaxassislarining aytishicha, mazkur indeks davlat organlari tomonidan va Jahon iqtisodiyot forumi, Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, “Credendo Group”, “Transparency International” kabi xalqaro tuzilmalar reytinglarida e’lon qilingan ochiq-oydin ma’lumotlar asosida tuzilgan.

“Iqtisodiy erkinlik indeksi-2020” hisobotida 2018 yilning 1 iyulidan 2019 yilning 1 iyuligacha bo‘lgan davrga oid ma’lumotlar bazasi ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston bu galgi tahlilda 57,2 ball yig‘ib, avvalgi reytingga nisbatan 26 pozisiya yuqoriga ko‘tarildi va 114-o‘rinni band etdi. Keyingi uch yilga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mamlakatimizning bu boradagi natijasi +38 ijobiy ko‘rsatkichni qayd etgan. Boshqacha aytganda, 2018 yil respublikamiz 152-o‘rinda edi.

Baho hisobida O‘zbekiston reytingi + 3,9 ballga yaxshilandi. Mamlakatimizda iqtisodiy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar o‘sish sur’atini Osiyo-Tinch okeani mintaqasi misolida tahlil qilinsa, respublikamiz Vanuatu (+4,3), Qozog‘iston (+4,2), V’etnam (+3,5) va Mal’div orollari (+3,3) bilan birga yuqori beshlikda e’tirof etilgan. Mazkur mintaqada O‘zbekiston 42 davlat ichida 10 pog‘ona ko‘tarilib, 26-o‘ringa joylashgan.

Mamlakatimizda mezon sifatida olinadigan 12 ko‘rsatkichning 11 tasida quyidagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan:

So‘nggi uch yildagi byudjet taqchilligi asosida shakllantirilgan Fiskal siyosat — 98,9 ball, +0,2 o‘sish. Bu borada O‘zbekiston jahonda eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan.

YaIMga nisbatan korxonalar sof daromadi, jismoniy shaxslar daromadi va bevosita va bilvosita soliqlar bilan birga hisoblangan umumiy yuklamadan iborat Soliq yuklamasi — 91,6, +0,3. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha oldingi hisobotdan 0,9 foiz pasayish kuzatilgan. Yangi tahrir asosida qabul qilingan Soliq kodeksi ayni shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadiga yo‘naltirilgan.

Mamlakat byudjeti taqsimoti asosida aniqlanadigan Davlat sarf-xarajatlari — 74,7, +7,3. O‘zbekistonda davlat xarajatlari YaIMga nisbatan 4,0 foizga kamaygan.

Biznesni lisenziyalashtirish, yo‘lga qo‘yish va to‘xtatish, shuningdek elektr ta’minoti tizimiga ulash jarayoni tahliliga asoslangan Biznes erkinligi — 72,6,+0,1.

Mahsulot va xizmatlar importi va eksportiga ta’sir ko‘rsatuvchi o‘rtacha tarifli va notarif to‘siqlar bo‘yicha aniqlanadigan Savdo erkinligi — 67,6, +5.

Qolgan me’yorlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarimiz, afsuski, manfiy darajaga ega va yaxshilashni talab etadi:

Kreditlar ajratilishiga davlatning aralashuvi, kapital bozorining rivojlanish darajasi va raqobat erkinligiga qarab baholanadigan Moliyaviy erkinlik — 20 ball, +10 o‘sish. Mazkur natija ushbu sohani jiddiy isloh qilish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Investisiyaviy erkinlik — 20, +10. Mazkur indeks odatda, investisiyalarga nisbatan qo‘llanadigan turli me’yoriy cheklovlarni baholaydi. Bu boradagi past ko‘rsatkich sohada chuqur tahlillarga asoslangan islohotlar o‘tkazishni taqozo etadi.

Davlat integratsiyasi — 28,2, +3. Bu komponent poraxo‘rlik, davlat siyosati va korrupsiyaning shaffofligi, davlat xizmatchilari faoliyati shaffofligi kabi ko‘rsatkichlarni tahlil qiladi. Garchi, ayni shart bo‘yicha o‘sishga erishilgan bo‘lsa-da, umumiy natijadan ko‘rinib turibdiki, bu yo‘nalishda aniq va samarali chora-tadbirlar amalga oshirilishi shart.

Sudlar mustaqilligi, sud faoliyati samaradorligi, davlat xizmati qarorlarida favoritizm va siyosatchilarga jamoatchilikning ishonchi ko‘rsatkichlariga asoslangan Sud jarayonining samaradorligi — 34,2, -0.1.

Mol-mulkka nisbatan va intellektual huquqqa egalik, investorlarni muhofazalovchi kuch, mol-mulkni musodara qilinishi ehtimoli va yer resurslari boshqarilishi sifati darajasi asosida aniqlanadigan Egalik huquqi — 59,1, +9.3.

Mehnat erkinligi — 59.9, +1.2. Ushbu me’yor mamlakatda mehnat bozorining eng kam ish haqi bilan bog‘liq normativ-huquqiy bazasi, ishdan ozod etilishga to‘siq bo‘ladigan qonunlar, muayyan nafaqalarga talablar, yollanish va mehnat soatlariga nisbatan o‘lchovli me’yoriy cheklovlar, shuningdek mehnat bozorida ishchi kuchining ishga joylashish imkoniyati indikativ ko‘rsatkichi sifatidagi ishtiroki singari omillarni hisobga oladi.

So‘nggi uch yil davomidagi inflyasiya va narxlarni chegaralash darajasiga asoslangan Monetar erkinlik — 59,9, +1.

“Iqtisodiy erkinlik indeksi-2020” hisobotida Singapur, Gonkong, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Shveysariya, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Kanada, Estoniya kuchli o‘nlikni tashkil etgan. So‘nggi o‘rinlarni esa Kongo Respublikasi, Eritreya, Kuba, Venesuela va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi “band etgan”.