Bugun, 21 mart kuni Toshkent xalqaro aeroportida malayziyalik sayyohlar delegatsiyasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari tomonidan kuzatildi, ularga milliy logotiplar tushirilgan sovg‘alar ulashildi, deb xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi

Mehmonlar bir haftalik sayohatlari davomida Buxoro, Samarqand, Xiva hamda Toshkent shaharlarida bo‘lishdi. Ular har bir shaharning o‘ziga xos ko‘rkamligini alohida e’tirof etishdi. Jumladan, sayyohlardan biri – Qamariddin bin Ismoil bu haqida shunday deydi:

“Men O‘zbekistonga Kuala Lumpurdan tashrif buyurdim. Sayohatim davomida davlatingiz rahbari boshchiligida mamlakatingizda amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekistonning eng yorqin turistik yo‘nalishlardan biriga aylanganiga amin bo‘ldim. Yurtingiz juda go‘zal, odamlari mehr-muhabbatli ekan. Biz Samarqandga borib, ko‘pdan beri orzu qilganimiz “Imom Al Buxoriy” majmuasini ziyorat qildik. Buxoro – islom madaniyatining yaqqol namunasi. Xiva – ertaknamo. Toshkent – rang barang. Vatanimga qaytganimda yaqinlarim va do‘stlarimga O‘zbekistonning albatta sayohat qilinishi kerak bo‘lgan mamlakat ekanini aytaman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklayman, ularga jamiki ezgu tilaklarni yo‘llab qolaman” , dedi mehmon.

Turistlarni kuzatish marosimiga Malayziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Xendi Assan ham tashrif buyurib, ularga ezgu tilaklarni bildirdi. Shu bilan birga, elchi janoblari O‘zbekiston Prezidentiga xorijiy mamlakatlar fuqarolarini o‘z yurtlariga yetkazish hamda o‘zbekistonliklarni ortga qaytarish maqsadida tashkil etilayotgan charter reyslar uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Malayziyadan kelgan xar bir sayyoh e’zoz va e’tiborda bo‘lib, uyiga  kaytmoqda. Ishonchim komilki, vatanga qaytishganidan so‘ng O‘zbekistonga sayohatdan olgan iliq taassurotlarini vatandoshlari bilan o‘rtoqlashishadi”, – qo‘shimcha qildi elchi.

Sayyohlar yurtimizda ularga ko‘rsatilgan e’tibor hamda ko‘tarinki kayfiyat ulashgan kuzatuv marosimi uchun alohida minnatdorchilik bildirishdi:

“Bu mening O‘zbekistonga birinchi tashrifim bo‘lib, undan olgan taassurotlarim bir olam. Tarixiy shaharlaringiz, xalqingizning nihoyatda mehmondo‘stligi, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchilarning xushmuomalaligi menda katta taassurot qoldirdi. Shunday muqaddas zaminda bo‘lganimdan o‘zimni juda baxtiyor his qilyapman va to‘g‘risi, kelgusida bu yerga albatta qaytishni niyat qildim. Bizga ko‘rsatilgan bunday yuksak ehtirom uchun O‘zbekiston rahbariyatiga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman”, – deya ta’kidladi Nuhayati Yusuf.