Toshkent viloyati IIBB Parkent tumani IIB xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida karantinda bo‘lib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlandi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Toshkent viloyati IIBB axborot xizmatining xabariga ko‘ra, joriy yilning 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Samara shahridan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan poyezd yo‘lovchilari, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda, Samarqand viloyatiga tashkil etilgan karantin markazlariga joylashtirilgan.

Ammo, Parkent tumanida yashovchi 1954 yilda tug‘ilgan fuqaro Topgan. E. belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay karantindan qochgan. Hozirda ushbu shaxs o‘z uyida ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida izolatsiyaga olingan. Shuningdek, fuqaro Topgan. E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 257(1)-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mamlakatimizda infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin e’lon qilingan. Mazkur vaziyatda davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashishdir. Shu bilan birga, aholi tinchligi va jamoat tartibini saqlagan holda jinoyatchilikning oldini olishdan iborat.

Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamiz. Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa 11 mln 150 ming so‘mdan 22 mln 300 ming so‘mgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.