Joriy yilning 17-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi va qamrovli “Raqamli Toshkent” dasturini tasdiqladi.

Foto: IT Park Uzbekistan

Dasturning asosiy maqsadi shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha ob’yektlari, sanoat, yo‘l transporti va kommunal infratuzilma uchun integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish, keyinchalik muvaffaqiyatli tajribani respublikaning boshqa hududlarida joriy etishdan iboratdir.

Dastur doirasida 2020 – 2021 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar:

1.«Elektron sog‘liqni saqlash» YaT – yagona tibbiy yozuvlar, elektron poliklinikalar, tug‘ilish va o‘limni qayd etish tizimi, elektron shifoxona, yagona tibbiy yordam, elektron retsept;

2.«Ta’lim» KAT (kompleks axborot tizimi) – elektron bolalar bog‘chasi, elektron kundalik, elektron olimpiada, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining davomatini nazorat qilish tizimi, masofaviy ta’lim tizimi;

3. «Kommunal» KAT – mening uyim, «uy-joy kommunal», issiqlik energiyasi va issiq suvni hisobga olish tizimi, tabiiy gaz va elektr energiyasini iste’mol qilishni hisobga olish tizimi;

4. «Toshkent shahri Geoportal» KAT – geografik axborot-tahlil tizimi va geoportal, raqamli xarita, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari, shahar kadastrining geotizimi;

5. «Qurilish» YaT – monitoring tizimi, elektron chiptalar, to‘lov tizimi, avtoturargohlar reyestri;

6. «Elektron xokimiyat» KAT – «xalq nazorati», aktivlarni boshqarish, arxitektura va qurilish ob’yektlarini boshqarish, «mahalla» tizimi, manzillar reyestri;

7. «Ekologiya» ATM – havoni nazorat qilish tizimi;

8. «Savdo va turizm» KAT – bozorlardagi narxlarni nazorat qilish tizimi, «e-Mehmon».

Shu bilan birga, prezident va bosh vazir ushbu loyihalarni amalga oshirishda mahalliy ishlab chiquvchilar, xususan, IT-park rezidentlariga ustuvorlik berilishini alohida ta’kidladilar. Bu maqsadda IT Park rezidentlariga «Raqamli Toshkent» dasturini amalga oshirishda qatnashishga imkon beradigan mexanizm joriy etiladi, unga ko‘ra qarorga muvofiq tuziladigan Raqamli rivojlanish departamenti bilan 1 milliard so‘mgacha miqdordagi loyihalar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishi, 1 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi loyihalar uchun esa «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartibda shartnoma tuzishga rezidentlar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi.

Manfaatdor rezident kompaniyalarning rahbarlari 24-mart (seshanba) kuni IT-park direktori bilan istiqboldagi ishlarni muhokama qilish va qiziqtirgan savollarga javob olish uchun uchrashuvga taklif etiladi.

Shu bilan birga, manfaatdor rezidentlar o‘z loyihalari haqida quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak:

1. Loyihaning nomi;

2. Loyihaning qisqacha tavsifi;

3. Loyihaning yuqoridagi qayt etilgan ATM va uning tarkibiy qismlarining qaysi biri doirasida amalga oshirilishi;

4. Loyihaning joriy etishga tayyorlik darajasi (tizim ishlab chiqilgan, rivojlanish bosqichida yoki rezident uni ishlab chiqishga tayyor);

5. Loyihaning qiymati;

6. Loyihaning daromad keltirish usuli.

Andoza ilova etiladi.