Qashqadaryo viloyati O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk viloyat hisoblanishi bilan birga, o‘zining boy tarixi, buyuk sarkardalari, qadimiy shaharlari va asrlarga tengdosh milliy qadriyatlari, urf-odatlari bilan ham mashhur. Bu haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi axborot xizmati maqola tayyorladi.

Foto: Qal’ai-sheron darasi

Bu hududda bir vaqtning o‘zida to‘rt faslni ko‘rish imkoniyati borligini ko‘pchilik biladi. Ammo Qashqadaryo hali barchaga ham ma’lum bo‘lmagan sinoatlarga, mo‘jiza va yashirin sirlarga boy. Bular esa viloyatda turizmning juda ko‘plab turlarini jadal rivojlantirish imkonini beradi.

Yakkabog‘ tumanining Toshqo‘rg‘on qishlog‘i aholisi 1999 yilda ko‘chirilgan bo‘lib, hozirda u yerda hech kim istiqomat qilmaydi. Qishloqda jahonga mashhur Hisor davlat qo‘riqxonasi mavjud hamda ushbu hudud qo‘riqxona tomonidan muhofaza etiladi. Toshqo‘rg‘ondan 12 kilometr uzoqlikda Amir Temur g‘ori, Qal’ai-sheron darasidagi Yura davriga mansub va hozirgi kungacha saqlanib qolgan 31ta dinozavr izlari mavjud. Toshqo‘rg‘on qishlog‘idagi Amir Temur g‘origa ikki yo‘nalishdagi yo‘l orqali chiqib borish mumkin.

Foto: Dinozavr izlari

Hududdagi Qal’ai-sheron darasi Yevropa va Osiyoning so‘lim tog‘ bag‘ridagi go‘zal tabiatli maskanlarini yodga soladi. Bu yerdagi flora va fauna olami ham turfa xil. Kamyob. Ayrim o‘simliklar faqatgina shu yerning o‘ziga xos. Havosi toza va musaffo. Eko hamda estrimal turizmni rivojlantirish uchun qulay joylardan biri. Bu yerga xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb etish orqali dara hududidan quyiga tushib borib, ayni shu yerda million yillar avval mavjud bo‘lgan va qirilib ketgan dinozavrlar bilan bog‘liq noyob mo‘jizani ko‘rsatish mumkin. Gap shundaki, darada haligacha 31 ta dinozavr izlari saqlanib qolingan.

Qal’ai-sheron tik qoyalar bilan o‘ralgan bo‘lib, qoya devorlarining balandligi 220-240 metrgacha yetadi. Daraning pastki qismi qalin o‘rmon bilan qoplangan. Eng ahamiyatlisi, o‘rmondagi archalar yoshi bir necha asrlarga teng. Ularning eng kattalari 700-800 yildan beri mavjud. Darada shuningdek, “Xo‘kiz burun” va “Baytal dumi” sharsharalari bor.

Aytish lozimki, bu yerda mavjud 31ta dinozavr izlarining oralig‘i 1-1,5 metrni tashkil etadi. Har bir izning diametri 50-60 santimetrga yetadi. Izlarning tasvirlari toshda qolgan panjalarning bo‘rtiqlari, chuqur botgan tirnoq o‘rinlari orqali aniq va yaqqol ko‘rinadi. Bu esa Qashqadaryodagi Qal’ai-sheron darasining dunyodagi dinozavr izlari saqlanib qolgan sanoqli va eng qadimiy hududlardan biri ekanini anglatadi.