Bugun, 20 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, Talabalar turar joylarida yashayotgan xorijlik talabalarning hayoti va ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati

Vazir Urganch davlat universiteti talabalar turar joyiga tashrifi davomida bu yerda koronovirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xususan, dezinfeksiya ishlari, tibbiyot punktlari faoliyati, umumiy foydalanish xonalari, oshxonalar, kutubxonalar, oziq-ovqat va sut mahsulotlari savdo shaxobchalari ish faoliyati, yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Inomjon Majidov talabalar turar joyida yashovchi xorijilik talabalar bilan uchrashib, koronovirus infeksiyasidan saqlanish qoidalari xususida suhbat qildi, talabalarning taklif va istaklari bilan qiziqdi.

Shu kuni Urganch davlat universitetida Xorazm viloyatidagi OTMlar rahbar-xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda vazir koronovirus infeksiyasining tarqalishidan himoyalanish choralarini kuchaytirish, karantin vaqtida talabalar turar joylarida yashab turgan xorijlik talabalarni kunlik oziq-ovqat, gigiyena vositalari hamda zarur bo‘ladigan dastlabki dori-darmon, shuningdek, maishiy ehtiyojlari uchun zarur jihozlar bilan ta’minlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Vazir, shuningdek, talabalar turar joylarini tibbiyot xonasi va gigiyena vositalari bilan ta’minlab, u yerda navbatchi shifokor va ichki ishlar xodimi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.