O‘zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi bergan ma’lumotga ko’ra Ayni paytda Moskva shahrining “Vnukovo” va “Sheremetevo” xalqaro aeroportlarida ikki mamlakat o‘rtasida havo, avtomobil va temir yo‘l aloqasi to‘xtatilgani tufayli mamlakatimizga parvoz qila olmagan hamyurtlarimiz mavjud. Bu haqida Tashqi ishlar vazirligining axborotida ma’lum qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi TIV
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Elchixona tomonidan “Vnukovo” aeroporti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokalar natijasida yurtdoshlarimizning vaqtincha qolishi uchun “B” terminali ajratildi. Bu yerda zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, jumladan, tibbiyot punkti, hammom va hojatxonalar mavjud, issiq ovqat berilishi yo‘lga qo‘yilgan, mebellar (kreslo, divanlar, stol va stullar) o‘rnatilgan. Qator tushuntirishlarga qaramay, fuqarolarimiz maxsus belgilangan hududga borishdan bosh tortib, hali hamon “Vnukovo” aeroportining ro‘yxatdan o‘tish joyida qolmoqdalar.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan, mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda, iloji boricho tezroq “B” terminalga o‘tishlarini so‘raymiz.

Elchixona “Sheremetevo” aeroportidagi vaziyatni ham nazorat ostiga olgan hamda hozirda Rossiya hukumati bilan boshqa davlatlardan Moskvaga tranzit orali uchib kelgan fuqarolarimizni olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. O‘zbek diasporasi vakillari va homiylar bilan birgalikda vatandoshlarimizni issiq ovqat bilan ta’minlash masalasi ham hal etilmoqda.

Yana bir bor Rossiya hududidagi vatandoshlarimizni xotirjamlikka chorlab, imkon qadar, ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilgan holda doimiy/vaqtinchalik yashash joyini tark etmasliklarini so‘raymiz.

Avval xabar qilinganidek, 2020-yil 19- martdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik bo‘lish muddatini uzaytirishlari mumkin. Buning uchun ular o‘zlari bo‘lgan joyga eng yaqin Ichki ishlar vazirligi hududiy bo‘limiga tegishli ariza bilan murojaat qilishlari lozim, deyiladi xabarda.