Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotiga koronavirusga oid 40 ta tashxis sinovlarini koʻrib chiqish uchun arizalar kelib tushdi, 20 ta vaksina ishlab chiqilish arafasida ekanligini maʼlum qildi.

Foto: O’zA

Bu haqida JSSTning Rossiya Federatsiyasidagi vakili Melita Vuynovich aytib oʻtdi.

“Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus infekssiyasiga qarshi kurashda ilmiy izlanishlarning jadallashishini qoʻllab-quvvatlaydi, chunki ularning barchasi hayotni saqlashga qaratilgan boʻlib, sogʻliqni saqlash tizimi zaif boʻlgan davlatlar uchun juda muhimdir. Bugungi kunga qadar JSST 40 ta diagnostik testlarni koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun arizalarni qabul qildi, 20 ta vaksina ishlab chiqilish jarayonida. Hozirda koʻplab dori-darmonlarning klinik sinovlari davom etmoqda. Birinchi natijalar bir necha hafta ichida oʻzini namoyish etishi kerak“, dedi Melita Vuynovich.

Eslatib oʻtamiz, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) 11-mart kuni yangi COVID-19 koronavirusining tarqalishini pandemiya deb eʼlon qildi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyoda 244 mingdan oshiq odam virusni yuqtirib olgan. Virus tufayli 10 mingdan koʻproq odam vafot etgan.