Telegram, facebook va boshqa ko‘plab ijtimoiy tarmoq kanallari orqali Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi avtomagistrallar, ichki yo‘llar va viloyat hududiy chegaralari yopilishi yoki yopilganligi haqida turli asossiz xabarlar tarqatilmoqda. Bu haqida Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati yozmoqda.

Foto: Google

IIBB shuni ma’lum qiladiki, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz bo‘lib, hozirda Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi barcha avtomagistrallar, ichki yo‘llar, shuningdek, viloyatning hududiy chegaralari ochiq.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali har xil turdagi dori vositalarini “viruslarga qarshi vosita” deb naqd yoki elektron pul o‘tkazish yo‘li bilan sotuvga qo‘yilgani kabi yolg‘on xabarlarga ishonib firibgarlarga aldanib qolmaslikka va hushyorlikka chaqirilgan xabarda.

Bu kabi tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar yoki talab bilan uyingizga biror kimsa kelgan taqdirda “102” qisqa raqamiga yoki hududingizda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz, deyiladi.