“Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida” Hukumat qarori (171-son, 19.03.2020 y.) qabul qilindi.

Foto: O’zA

Qarorga muvofiq, Xorazm viloyati, Shovot tumani, Komiljon Otaniyozov ko‘chasi, 65-uy manzilida joylashgan 1-son ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati negizida Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika va matematika maktab-internati tashkil etildi. Bu haqida “Huquqiy axborot” xabar bermoqda.

Qaror bilan xalqaro maktabning asosiy vazifalari belgilandi.

Jumladan, xalqaro maktab umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillari chuqur o‘qitilishini tashkil etadi.

2020 – 2021 o‘quv yilidan boshlab xalqaro maktabning 7-sinfiga 60 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Shuningdek, xalqaro maktabda:

  • xorij fuqarosi bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar shartnoma asosida ta’lim olishi mumkin;
  • xorijiy mamlakatlarning o‘quv dasturlari tatbiq etilishi mumkin;
  • xorijiy mamlakatlardan o‘qituvchilarni ishga qabul qilishga ruxsat beriladi.

Qarorga ko‘ra, xalqaro maktab barcha zarur jihozlar bilan ta’minlanadi va maktab uchun 20 o‘rinli turar joy binosi quriladi.

Qaror bilan Adliya vazirligiga homiylik xayriyalarini jamlash uchun g‘azna hisobvarag‘ini ochishga ruxsat berildi.