Twitter ijtimoiy tarmogʻida, AQShlik koronavirusga chalingan 22 yoshli qiz – Byonda Xalitining twit’lari millionlab layk va retvit qilinmoqda. Quyida sizga uning boshidan oʻtkazganlari va maslahatlarining tarjimasini havola etamiz. Bu haqida “Xalq so’zi” yozmoqda.

Foto: Sputnik

“Men 22 yoshdaman, menda COVID – 19 virusi aniqlandi. Bu haqida yozishdan oldin ancha ikkilandim, lekin pandemiya natijasida yuzaga keladigan xavotir va stressni kamaytirish uchun meni yoshimdagi insonlarga oʻz tajribam haqida soʻzlab berishga qaror qildim.

1-kun: Bu yengil quruq yoʻtal va ozgina tomoq qizarishi bilan boshlandi. Kechga tomon juda charchadim

2-kun: Boshimda shu qadar kuchli bosim his qildimki, hatto iloji boricha yengil yoʻtalishga harakat qilishimga toʻgʻri keldi. Tunda terladim va isitma koʻtarildi. Bitta simptomga alohida eʼtibor qaratdim – koʻzlarim jismonan ogʻriy boshladi. Ular sezuvchan va ogʻriqli edi, koʻzlarni harakatga keltirish noqulay edi. Simptomlarni oʻrganib chiqish natijasida menda migren degan xulosaga keldim, lekin kun boʻyi uxlaganimga qaramay “migren” hech oʻtib ketmadi.

3-kun: Qattiq quvvatsizlik, kun boʻyi faqat uxladim va isitma qilib chiqdim. Menda quyidagi simptomlar paydo boʻldi: quruq yoʻtal, bosh ogʻrigʻi (migren), sovuq ter, isitma va koʻngil aynishi. Shifokorlarga murojaat qilishga qaror qildim, menda gripp va streptokokk yoʻqligini aniqlashdi. Shifokor menda infeksiya borligini tahmin qildi va antibiotik bilan 800 mg ibuprofen yozib berdi. Men koʻproq suyuqlik ichishga harakat qildim hamda vitamin va probiotiklar sotib oldim. Tunda menda hali ham isitma bor edi.

4-kun: Nihoyat isitma qilmadim, lekin yangi simptom paydo boʻldi: nafas qisilishi. Nafas olishim qiyinlashdi, xuddi koʻkragimda gʻisht osilib turgandek. Internet tarmogʻida uchratgan testni (nafasingizni 10 sekund ichida ushlab turing) oʻzimda sinab koʻrishga qaror qildim, testni hech qanday qiyinchiliksiz bajara oldim. Koronavirusga test topshirishga qaror qildim, lekin bu ancha qiyin masala edi. Men uydan chiqmay karantinga amal qilishda va suyuqlik, suyuqlik va yana suyuqlik ichishda davom etdim.

5-kun: Simptomlar: tomoq ogʻrishi, yoʻtal, nafas qisilishi. Yana oʻsha shifokorga murojaat qildim va koronavirusga test topshiraman deb turib oldim. Shifokor menga hayotiy muhim koʻrsatkichlarim “normal holatda” ekanligini aytdi, ammo men oʻz qarorimda qatʼiy turdim. Menga koʻkrak qafasi rentgeni ham qilishdi, natijasi yaxshi chiqdi. Menga uy karantinida qolishimni va test javoblari 5-6 kunda chiqishini aytishdi!

6-kun: Doimiy antibiotik va ibuprofen ichishim natijasida meni simptomlarim quyidagicha: tomoq ogʻrishi, yoʻtal, nafas qisilishi. Quvvat darajasi koʻtarila boshladi.

7-kun: Simptomlar: tomoqda yengil ogʻriq, yengil yoʻtal, nafas qisilishi. Quvvat darajasi koʻtarilishda davom etdi.

8-kun: Simptomlar: yengil yoʻtal. Oʻzimni yana sogʻlom his qila boshladim. Energiya!

9-kun: Simptomlar: yoʻtalim sal ogʻirroq edi, quvvat darajasi normal holatda.

10-kun: Simptomlar: yengil yoʻtal, balgʻam, normal quvvat darajasi. Laboratoriyadan test natijalari keldi: IJOBIY.

Karantinda qolishda davom etdim. Bugun (18-mart) oʻzimni juda yaxshi his qilyapman. Men takroriy testdan oʻtishim kerak. Hozircha menga testga yoʻllanma beradigan shifokorni topganimcha yoʻq.

Men hamma bir narsani bilishlarini xohlardim, men doktor tavsiyasiga koʻra uydan hech qayerga chiqmadim. Juda koʻp suyuqlik isteʼmol qildim. Suyuqlikning muhimligini yana bir bor taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Menga ibuprofen simptomlarni ogʻirlashtirishini aytishdi. Oldin aytib oʻtganimdek, ibuprofenni COVID-19 ga test topshirgunimga qadar menga shifokor yozib bergandi. Men ibuprofenni 4 kun ichdim va keyin ichishda davom etishga hojat sezmadim.

Men barcha koʻrishgan, muomalada boʻlgan insonlarga menda COVID-19 aniqlanganligi haqida zudlik bilan xabar berdim.

Kasallik nimaga oʻxshaydi, deb savol yoʻllaganlarga javobim: bundan oldin shamollash kasalliklarini bundan ogʻirini ham boshdan kechirganman. Men oʻz holatimga 10 dan 4 ball bergan boʻlardim. Kasallikning dastlabki 3 kuni eng qiyin davr boʻldi.