Butun dunyo boʻylab tarqalib borayotgan va inson salomatligi uchun katta xavf tugʻdirayotgan koronavirus pandemiyasi toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi Tokio – 2020 Olimpiya oʻyinlarining oʻtkazilishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati

Ammo, shu kunlarda koʻplab sport va madaniy tadbirlar bekor qilinayotgan boʻlsa-da Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Tokio – 2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarini oʻz vaqtida oʻtkazmoqchi. Bu haqida tashkilot rasmiy bayonot bilan chiqdi, deyaxabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati.

Bayonotga koʻra, boʻlajak Olimpiya oʻyinlari belgilangan sanada oʻtkaziladi, faqat bunda tashkiliy qoʻmita 2 ta eng muhim shartga amal qiladi:

1. Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan har bir sportchi, delegatsiya aʼzolarining xavfsizligini taʼminlash;
2. Olimpiya sport turlari va atletlar manfaatini himoya qilish.

“Ayni paytga kelib musobaqaning 57 foiz yoʻllanmalari oʻz egalarini topib boʻlgan va qolgan 43 foiz litsenziyalar taqsimoti quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

1. Qoʻlga kiritilgan kvotalar MOQ va sportchilar hisobida qoladi.
2. Rejalashtirilgan kvalifikatsion turnirlar har bir jamoa va sportchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yuzaga kelganida adolatli amalga oshiriladi.
3. Saralash tizimidagi har qanday oʻzgarishlar quyidagilarga asoslanadi:
– Shu vaqtgacha boʻlgan natijalar (avvalgi koʻrsatkichlar, milliy federatsiyalar reytingi va hokazo);
– Mavjud tanlov tamoyillari (kontinental va mintaqaviy musobaqalar, qoʻlga kiritilgan reytinglar va boshqalar). Qolgan kvotalar istisno holatlarida Tokio-2020 tashkiliy qoʻmitasining koʻrib chiqishi bilan taqsimlanishi mumkin.

Yuqorida keltirib oʻtilgan tamoyillarga muvofiq milliy federatsiyalar har bir sport turining saralash tizimidagi kamchiliklari boʻyicha alohida takliflar kiritishi mumkin. Har qaysi oʻzgarishlar (har bir sport turi uchun) 2020-yil aprel oyining boshigacha eʼlon qilinadi”, deyiladi rasmiy bayonotda.