18-mart kuni Germaniya kansleri Angela Merkel koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha birinchi marta xalqqa murojaat qildi. Bu haqida “Xalq so’zi” yozmoqda.

Foto: DW

Murojaat matni Germaniya hukumati matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

Oʻz nutqining debochasida Merkel koronavirusning hozirgi kunda Germaniyada hayotni achinarli tarzda oʻzgartirayotganini taʼkidlab, mamlakatning bu muammoni hal qilishiga ishonch bildirdi. Soʻng vatandoshilardan hozirgi vaziyatga jiddiy yondashish va tartib-intizomga rioya qilishni soʻradi.

“Ikkinchi Jahon Urushidan buyon mamlakatimizda bu qadar katta qoʻshma harakatlar talab qilinadigan mushkul ish boʻlmagandi”, degan Merkel.

Uning qayd etishicha, hozirda koronavirus uchun terapiya yoki vaksina yoʻq, ammo butun dunyo olimlari bu yoʻnalishda jadal tadqiqotlar olib borishmoqda. 

Merkelning soʻzlariga koʻra, hozirgi vaqtda asosiy vazifa vaksina topilgunga qadar koronavirusning tarqalishini sekinlashtirishdir.

Oʻz nutqida davom etar ekan, Germaniya kansleri “Kelgusi haftalar bundan ham ogʻir boʻladi”, deya ogohlantirdi.

Hukumat salbiy iqtisodiy oqibatlarni kamaytirish uchun qoʻlidan kelgan choralarni amalga oshirishini qayd etgan kansler nutqi davomida vatandoshlarini birdamlikka chaqirdi va “Tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan vazifani birgalikda hal etishimiz mumkin”, deya qoʻshimcha qildi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Germaniyada koronavirusni yuqtirganlar soni 10999, vafot etganlar 24 kishini tashkil etmoqda.