O‘zbekiston koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida jami 16 ming kishi karantinga olindi. Bu haqda bugun, 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini ta’minlash yuklatildi.

Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo‘shatishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yuz foiz to‘lab beriladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari faoliyati to‘xtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat ta’tilidan foydalanishning yillik rejasidan qat’i nazar yillik mehnat ta’tili taqdim etiladi.