Navoiy shahri, “Jasorat” ko‘chasi, 8-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro V.A Navoiy shahar IIOFMB ga ariza bilan murojaat qilgan. Bu haqida Navoiy viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Arizada noma’lum shaxs uning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonadondagi temir seyf ichidan 1 (bir) million so‘m pul mablag‘i, shuningdek, umumiy qiymati 19 (o‘n to‘qqiz) million so‘m bo‘lgan turli xildagi ayollar zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.

Navoiy shahar IIOFMB xodimlarining olib borgan tergov natijasi sifatida, ushbu jinoyatni 1972 yil Navoiy shahrida tug‘ilib, ayni paytda shahardagi “G‘alabashoh” ko‘chasida yashovchi, muqaddam sudlangan, fuqaro E.O tomonidan sodir etilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan E.Oga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyatchining muqaddam sudlanganligiga qaramasdan, xatolaridan xulosa chiqarmaganligi, uni panjara ortidagi “hayot”ga mahkum etdi, deyiladi xabar so’ngida.