Germaniyaning “Die Welt” (Vel’t) gazetasi “O‘zbekistonga xush kelibsiz” nomli maqola bilan bo‘lishdi. Sizga ushbu maqolaning tarjimasini taqdim etamiz, deb yozmoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi

“O‘zbekiston qadimiy tarix va boy madaniy merosga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng go‘zal davlatlardan biridir. Ushbu mamlakat hududi baland tog‘li vodiylar va jazirama cho‘llar, qadimiy arxitektura yodgorliklariga to‘la ko‘p madaniyatli arxeologik va tarixiy majmualarni, shuningdek, zamonaviy shaharlarni ajoyib tarzda o‘zida mujassamlashtirgan.

Ushbu mamlakatda sayohat qilish turistlarga nafaqat O‘rta Osiyo xalqlari tarixiga bag‘ishlangan ekskursiya va YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obidalari bilan tanishishni, balki Buyuk Ipak yo‘lining qadimiy yo‘nalishlari bo‘ylab qiziqarli sayohatni va’da qiladi.

Faol turizm

O‘zbekistonning noyob tabiiy-iqlim sharoiti to‘laqonli dam olish va sayyohlik uchun ajoyib imkoniyat beradi. Mamlakatning har bir hududi o‘zining tabiiy imkoniyatlari bilan maqtana oladi: Pomir va Tyan-Shan baland tog‘ tizmalari, shaffof toza ko‘llar, shovqin daryolar va shifobaxsh buloqlar.

Mamlakatda turizmning mashhur turlari jadal rivojlanmoqda – ekstremal, ziyorat, etnik, qishloq va boshqalar. Borgan sari yangi marshrutlar va turistik xizmat ko‘rsatish markazlari yaratilmoqda.

Ekoturizm sayyohlik sohasidagi eng mashhur yo‘nalishlardan biri bo‘lib, O‘zbekiston turizmning bu turini rivojlantirishga ulkan salohiyatga ega dunyoning kamdan-kam davlatlaridan biridir.

Mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari – bu xilma-xil tabiat, ekzotik hayvonlar, o‘simlik dunyosining boyligi va ajoyib kontrastli go‘zal tog‘ landshafti. O‘zbekistonda ekoturlarni o‘tkazish uchun milliy bog‘lar va qo‘riqxonalar kabi joylar juda ko‘p.

Madaniyat va an’analar

Bir necha ming yilliklar davomida sivilizatsiyalar chorrahasida shakllangan O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniyati, turli davrlarda zamonaviy O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan xalqlarning an’analari va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan.

Bunga qadimgi forslar, yunonlar, ko‘chmanchi turkiy qabilalar, arablar, xitoyliklar va ruslar o‘z hissalarini qo‘shishgan. Ko‘p millatli O‘zbekiston an’analari musiqa, raqs, rassomchilik, amaliy san’at, til, oshxona va kiyim-kechaklarda o‘z aksini topgan. O‘zbek madaniyati Markaziy Osiyo madaniyatlari asosidan iborat bo‘lsada, O‘zbekistonning har bir mintaqasida o‘ziga xosligi mavjud, ular milliy liboslarda va mahalliy shevalarda aniq namoyon bo‘ladi.

Ushbu boylik bilan tanishish uchun butun mamlakat bo‘ylab sayohat qilish kerak, ammo O‘zbekistonning butun madaniyat palitrasini bir joyda ko‘rishni istaganlar, respublikaning barcha hududlaridan ijodiy guruhlarni mujassam etuvchi O‘zbekistonning o‘ziga hos etnik festivallariga tashrif buyurishlari mumkin. Aynan shu yerda siz o‘zbek raqslari, musiqa, san’at,  hunarmandchiligining turfa ranglari boqalarni ko‘rishingiz mumkin.

Milliy taomlari

O‘zbek oshxonasi, ehtimol Sharqdagi eng boy va rang-baranglaridan biridir! Ba’zi bir o‘zbek taomlari retseptlari ko‘p asrlik tarixga ega. Buyuk Ipak yo‘lining karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan O‘zbekiston, asrlar davomida turli mamlakatlarning eng qiziqarli va g‘ayrioddiy taomlari retseptlarini o‘zlashtirgan.

O‘zbekistonda “mehmonlar uy egalari tomonidan tayyorlangan palovni tatib ko‘rgandan keyingina uydan chiqib ketishlari mumkin” degan gap bor. Palov – bu har bir O‘zbekiston aholisi pishirishni bilishi kerak bo‘lgan an’anaviy taom. Ushbu mazali taom juda oddiy masalliqlardan tayyorlanadi: guruch, go‘sht, ziravorlar, sabzi va piyoz. Palov har kungi taom sifatida ham, bayram kunlarida, masalan, to‘y yoki dafn marosimi yoki muhtojlarga yordam sifatida tarqatish uchun ham tayyorlanishi mumkin. Palovining tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi, uning paydo bo‘lishi haqida qadimgi afsonalar mavjud. Palov tayyorlash madaniyati va an’anasi 2016 yilda insoniyatning nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan”.

“Aksel Shpringer-ferlag” nashriyotiga tegishli “Die Welt” – Germaniyaning nufuzli har kunlik gazetasi bo‘lib, Germaniyaning biznes elitasi orasida mashhurdir. Gazetada ko‘plab tahliliy materiallar chop etiladi. Birinchi nashr 1946 yil 2 aprelda Gamburg shahrida chiqarilgan.