Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan Oltinsoy tumanida davlat idoralari va mahalliy aholi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar aks etgan videolavhadagi holatlar yuzasidan mazkur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqida Bosh prokuratura axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Aniqlanishicha, tumandagi fermer xo‘jaliklariga tegishli 6,4 gektar sug‘oriladigan yer maydoni talon-toroj qilinib, shundan 1,4 gektari fermer xo‘jaliklariga qaytarilgan bo‘lsa, 5 gektarni qaytarish uchun ta’sirchan choralar ko‘rilmaganligi sababli, bu ekin maydonlari fuqarolar tomonidan uzoq muddatdan beri egallab olinib, turli maqsadlarda foydalanib kelganligi oqibatida 436,9 mln. so‘m davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan.

Xususan, Oltinsoy tumani “Xalqobod” mahallasi hududida joylashgan “Oq oltin manzarasi” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan sug‘oriladigan paxta va g‘allaga mo‘ljallangan yer maydonidan shu mahallada yashovchi fuqarolar B.Muxammadiyev, D.Muxammadiyev, F.Nurov, S.Muxammadiyev, M.Sattarova va A.Safarovlar tomonidan jami 0.39 gektari noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, uy-joy qurilgan.

Mazkur yer maydonlarini qaytarish maqsadida joriy yilning 14 fevral kuni soat 15:00 larda ishchi guruhi a’zolari “Xalqobod” mahallasiga borganida yuqoridagi fuqarolar va ularning yaqinlari qo‘llarida bo‘lgan tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan ishchi guruhi oldiga chiqib, hokimiyat vakillari va tuman IIB xodimlari tomonidan tushuntirilishiga qaramasdan fuqarolar ularga qarshilik ko‘rsatishgan.

Natijada, 3 nafar IIB xodimi “yengil” tan jarohati olgan.

Mazkur holatlarda mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida sug‘oriladigan yer maydonlari talon-toroj qilingan hamda Oltinsoy tuman IIB xodimilariga tan jarohati yetkazilgan.

Shunga ko‘ra, mansabga sovuqqonlik bilan qarash va qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatlari alomatlari mavjudligi hamda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazish lozimligini inobatga olib, holat yuzasidan Oltinsoy tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 207-moddasi 1-qismi va 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.