Kecha, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Sokol” sport-sog‘lomlashtirish markaziga Rossiya federatsiyasidan O‘zbekistonga qaytgan 528 nafar fuqaro to‘liq tekshiruvdan so‘ng karantinga olindi. Bu haqida Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

Barcha fuqarolardan koronavirus infeksiyasini tekshirish uchun surtmalar olingan, kasallikka gumon qilinganlar hozircha yo‘q. Viloyat hokimi Rustam Xolmatov kecha ertalab hududga bordi va 14 kunlik tibbiy nazoratga olingan fuqarolarga barcha zarur sharoitlar yaratilishiga shaxsan boshchilik qildi.

Ayni paytda Bo‘stonliq tumani hokimi G‘ayrat Madaminov va viloyat IIBB boshlig‘i Tohir Aripov hududda bo‘lib turishibdi.

Karantinga olinganlar zarur tibbiy-gigiyenik vositalar, uch mahal issiq ovqat va boshqa ehtiyoj mollari bilan ta’minlandi.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.