“O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash vazirligi bilan hamkorlikda “Mahalla – Vatan ichra Vatan” badiiy va hujjatli filmlar hamda videoroliklar ssenariylari tanlovini e’lon qildi. Bu haqida agentlikning axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “O‘zbekkino” Milliy agentligining axborot xizmati

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, aholi, ayniqsa yosh avlodni Vatanga sadoqat, an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, mahallaning katta ijtimoiy kuch sifatidagi mavqeini oshirish, o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini aks ettirishdan iborat.

Tanlovda davlat va nodavlat kinostudiyalari vakillari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek havaskorlar jurnalist va ssenaristlar, Oliy o‘quv yurtlarining talabalari quyidagi nominasiyalar bo‘yicha o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishlari mumkin:

  • Mahalla haqidagi eng yaxshi badiiy film ssenariysi;
  • Mahalla haqidagi eng yaxshi hujjatli film ssenariysi;
  • Mahalla haqidagi eng yaxshi videorolik ssenariysi;

G‘oliblar tanlov tashkilotchilari tomonidan belgilangan pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Tegishli nominasiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan ssenariylarga belgilangan miqdorda qalam haqi to‘lanadi, ular asosida fil’m va roliklar suratga olinadi hamda mamlakatimizning davlat va nodavlat telekanallari tomonidan namoyish qilinadi.

Tanlov uchun tavsiya qilingan film va roliklar ssenariylari 3 nusxada bosma va elektron shaklda tanlov hay’atiga topshiriladi.

Tanlovga materiallar 2020 yilning 10 mayiga qadar quyidagi manzillarda qabul qilinadi:

Toshkent shahri, Chilonzor ko‘chasi 1-a uy, Tel: (71) 277-81-44
Toshkent sh., Yashnobod tumani Istiqlol ko‘chasi 51-uy, tel: (71) 236-37-90