Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tez-tez stress holati, noto‘g‘ri ovqatlanish, doimiy uyqusizlik, uzoq vaqt oftobda bo‘lish, haddan tashqari ko‘p jismoniy ish va aksincha o‘tiradigan turmush tarzi, zararli odatlar – chekish, alkogol, giyohvand moddalar iste’moli immuninetni tushirib yuboradi.

Foto: Google

Immunitetning kuchli bo‘lishi ichakning to‘g‘ri ishlashiga bog‘liq: unda immunitet tizimi “hujayralari” ning 80 foizi mavjud. Biz iste’mol qiladigan har qanday mahsulot immunitetni kuchaytirishi yoki zaiflashtirishi mumkin. Bunda to‘g‘ri ovqatlanish, darmondorilarga boy meva-sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish juda muhim.

Bifidobakteriyalar va laktobakteriyalarni o‘z ichiga olgan qatiq, yogurt mahsulotlari zararli mikroorganizmlarga qarshi bizning ichaklarimiz bilan birgalikda kurashadi va patogen mikroblarga qarshi asosiy himoya to‘sig‘ini yaratadi.

Ko‘p miqdordagi shirinliklar nafaqat tishlarimizga zarar yetkazadi balki, oshqozon osti bezini shikastlantiradi va insonni diabetga olib boradi. Qandning ortiqcha iste’mol qilinishi immunitet tizimini susaytiradi, infeksiyalarga qarshi kurashadigan antitelalar faolligini pasaytiradi.

Antibiotiklarni nazoratsiz iste’mol qilish ham immunitet tizimiga foyda keltirmaydi. Bu butunlay ulardan voz kechish kerak, degani emas. Asosiysi, o‘zini-o‘zi davolanishdan qochish lozim. Faqatgina shifokor tavsiyasi bilan dorilar qabul qilingani ma’qul.

Tez charchash, surunkali charchoq, uyquchanlik yoki uyqusizlik, bosh og‘rig‘i, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riq bo‘lsa, mutaxassisga murojaat qilish zarur. Bu belgilar immunitet pasayganidan dalolat.

Ta’kidlanishicha, ko‘pincha immunitetning keskin pasayishi stress, vahima va zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘ladi.