Joriy yil 19 mart holatiga ko’ra mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi yana 5 nafar fuqaroda aniqlandi va kasallanganlar umumiy soni 23 taga yetdi, bu haqida Vazirlar mahkamasi huzuridagi Epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, Davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov xabar berdi.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Fransiyada bo‘lib qaytgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida avval xabar bergan edi.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, uning yana 3 nafar qarindoshida ushbu infeksiya borligi tasdiqlangan. Shuningdek, shu yilning 15 mart kuni Istanbul – Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan bir nafar va joriy yil 14 mart kuni London – Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys bilan kelgan yana bir nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Har besh nafar fuqaro ham shu vaqtgacha tibbiy nazoratda bo‘lgan.

Ayni paytga kelib, ushbu infeksiya aniqlangan bemorlar soni 23 nafarga yetdi.

Avvalgi bemorlar:

  • 11 mart kuni Fransiyadan kelgan yurtdoshimiz (1), uning turmush o‘rtog‘i (2), o‘g‘li (3), qizi (4), nabirasi (5), u bilan muloqotda bo‘lgan yana bir shaxs (6), onasi (7), kelini (8) va birga ishlaydigan hamkasbi(9);
  • 15 mart kuni Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosi (10), uning turmush o‘rtog‘i (11) va yana bir fuqaro (12);
  • 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys bilan kelgan hamyurtimiz (13) va uning turmush o‘rtog‘i (14);
  • Dubaydan kelgan yurtdoshimiz (15);
  • Istanbuldan kelgan yana bir fuqaro (16) va uning turmush o‘rtog‘ida (17);
  • Londondan kelgan yana bir yurtdoshimiz (18).

Koronavirusdan saqlanish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

•    avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!

•    zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

•    qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

•    farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!

•    yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!

•    uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

•    odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!

•    shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

•    ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

•    isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Eng asosiysi shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.