O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Operativ shtabi bergan ma’lumotga ko‘ra 2020-yilning 16-mart kuni O‘zbekistonning Tokio shahridagi Elchixonasida Yaponiyadagi vatandoshlarimizning murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarish uchun Operativ shtab tashkil etildi.

Tashqi ishlar vazirligi TIV
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Diplomatik vakolatxona tomonidan yaqin orada vatanga qaytishni istagan fuqarolarimizning ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Tegishli murojaatnomalar fuqarolarimizga barcha zarur ehtiyot choralarini ko‘rish va shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar ko‘rsatilgan holda Elchixonaning veb-saytida, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida va Telegram messenjer kanalida joylashtirildi hamda Yaponiyadagi O‘zbekistonlik yoshlar assotsiatsiyasi va “O‘zbekiston-Nagoya” do‘stlik assotsiatsiyasi ko‘magida keng tarqatildi.

Yaponiyada tibbiyot niqoblarining o‘ta taqchilligini inobatga olib, Elchixona chegaralangan miqdorda bo‘lsa ham mazkur niqoblarning zahirasini shakllantirdi va ularni Yaponiyada bo‘lib turgan vatandoshlarimizga bepul tarqatishni yo‘lga qo‘ydi.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi va Immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Yaponiyada vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimizning amal qilish muddati tugayotgan vizalari muddatini 30 kunga uzaytirib berishga erishildi.