«Namangan» xalqaro aeroportiga joriy yil 16 mart kuni kechki payt Latviya va Erondan ikki reys kelib qo‘ndi. Yo‘lovchilar dezinfeksiyalash ishlaridan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va avtobuslarda 14 kunlik karantin uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga olib ketilgan. Bu haqida Namangan shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Jumladan, Rigadan uchib kelgan 175 nafar yo‘lovchi Kosonsoy tumanidagi shu nomli sihatgohga joylashtirilgan. Ulardan 135 nafari ayol, 40 nafari erkak bo‘lib, aksari talabalar ekanligi aytilmoqda. Asosan Toshkent shahri va Toshkent, Xorazm, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlari vakillaridan iborat.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Karantinga olingan hamyurtlarimizning salomatligi qat’iy nazoratga olingan. Tegishli shifokorlar guruhi ish olib bormoqda. Dori-darmon va dezinfeksiyalash vositalari zaxirasi yaratilgan. Karantindagilar vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazishi uchun sport jihozlari mavjud. Savdo xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Sihatgoh oshxonasida 3 mahal issiq ovqat berilyapti.

Erondan uchib kelgan reysdagi 39 nafar yo‘lovchi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar bo‘limiga joylashtirilgan va karantinga olingan. Ulardan 29 nafari erkak, 10 nafari ayol bo‘lib, asosan Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlaridan. Bu yerda ham ular uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilariga ko‘ra, Chortoq tumanida joylashgan “Chortoq” sanatoriyasida karantinga olinadigan fuqarolar uchun qo‘shimcha yana 200 o‘rinli alohida shifoxona tashkil etilmoqda.