Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʼzbekiston Milliy antidoping agentligi ommaviy axborot vositalarida tarqalgan “Oʼzbekistonlik toʼrt nafar para-sportchi doping bilan qoʼlga tushdi va ularning barchasi jazolandi” mazmunidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati

“Oʼzbekiston Milliy antidoping agentligi ayrim manbaalar orqali oʼzbekistonlik 4 nafar paralimpiyachi doping sabab diskvalifikatsiya qilingani haqidagi xabarlarga nisbatan quyidagilarni maʼlum qiladi, deb yozadi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati.

Ushbu xabarlarda nomlari tilga olingan sportchilar 2018-2019 yillarda diskvalifikatsiyaga uchragan. Ularda doping aniqlangani haqida oʼz vaqtida Oʼzbekiston Milliy antidoping agentligining rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida eʼlon qilingan. Hozirda ushbu sportchilar butunlay sportni tark etishgan. Аfsuski, bu xabarlar ommaviy axborot vositalarida biroz notoʼgʼri talqin qilindi.

Maʼlumki, bugungi kunda oʼzbekistonlik paralimpiyachilar dunyoning kuchli oʼntaligiga kiradi. Bu bir tomondan gʼurur bagʼishlaydi, albatta. Lekin, ikkinchi tomondan bu holat paralimpiya sportchilari zimmasiga katta masʼuliyat yuklashini ham unutmasligimiz lozim. Boisi, WADA Butunjahon antidoping agentligi yuqori natijalar qayd etayotgan mamlakat sportchilarini doimiy tarzda tekshiruvga oladi. Shu bois har qachongidan ham xushyorroq boʼlishimiz talab etiladi.

Hozirgi kunda Oʼzbekiston Paralimpiya terma jamoasi aʼzolari orasida doping aniqlangan sportchilar yoʼq.

Xulosa oʼrnida shuni taʼkidlash lozimki, doping aniqlangan har qanday oʼzbekistonlik sportchi toʼgʼrisida maʼlumot Oʼzbekiston Milliy antidoping agentligining rasmiy manbaalari orqali muntazam eʼlon qilinadi”, – deyiladi agentlik rasmiy saytida.