O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Suhbatda joriy epidemiologik vaziyat hamda mamlakatlarimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar batafsil muhokama qilindi.

Ushbu pandemiyaga qarshi samarali kurashish va ehtimoliy oqibatlarni kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikka doir va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdilar. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahor, yangilanish va yasharish bayrami – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.

Prezidentlar qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, yangi xavf-xatarlarni tez fursatda bartaraf etish yo‘lida birgalikda harakat qilishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqladilar.