O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Urganch Davlat Universiteti qoshidagi “Qovunchilik” bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Qovunchilik bo‘limi boshlig‘i Sanjarbek Sadullayev tashrif buyurganlarga bo‘lim ilmiy xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy yangiliklar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

2017 yil Urganch Davlat universitetida “Qovunchilik” bo‘limini tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda Urganch Davlat universiteti o‘quv tajriba xo‘jaligida 7 gektar yer maydoni ilmiy-tadqiqot olib borish uchun ajratilgan. Unda asosan qovun navlarining urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyasi, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash hamda qovun mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sektorlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bo‘limning asosiy maqsadi respublikamizda qovunchilikni rivojlantirish, yo‘qolib borayotgan qovun navlarining agrotexnologiyasini o‘rganish va ishlab chiqarishga tatbiq etishdir. Shuningdek, qovunchilik borasidagi ilmiy tadqiqot ishlarini jadallashtirish, dehqon va fermerlar uchun ilmiy asoslangan tavsiyanomalar ishlab chiqish, universitetda tahsil olayotgan talabalarni nazariy olgan bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv dala amaliyotlarini tashkil qilishdan iborat.

Ayni paytda bo‘limda bitta doktorant va 6 ta ilmiy xodim faoliyat olib bormoqda.Jamoa Xorazm qovunlarining qadimiy navlarini qayta tiklash, serhosil va eksportbop navlarni tanlab olish, birlamchi urug‘larni to‘plash, qovun navlarini turli tabiiy sharoitlarda yetishtirishning ilmiy asosini yaratish ustida ish olib bormoqda.

Qovun kasalliklari va zararkunandalariga kimyoviy va biologik kurash choralarini qo‘llab, ekologik toza mahsulot yetishtirish bo‘yicha izlanishlar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, qovunni qayta ishlab, jem, sharbat, murabbo, qoqi mahsulotlari tayyorlanmoqda. Shuningdek, katta hajmli muzlatkich va omborxonalarda kech pishar qovun navlarini saqlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Uchrashuv natijalariga ko‘ra Innovatsion rivojlanish vazirligi Xorazm viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos, serhosil, eksportbop mahalliy qovun navlarini tiklash, ularning birlamchi urug‘chiligini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyiha ishlab chiqish taklifini berdi.