Avvalroq Istanbuldan kelgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida xabar berilgan edi.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, uning turmush o‘rtog‘ida ham ushbu infeksiya borligi tasdiqlangan, deb xabar bermoqda Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Shu bilan birga, Londonda bo‘lib qaytgan yana bir mamlakatimiz fuqarosida ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Har ikki fuqaro ham qat’iy tibbiy nazoratda bo‘lgan.

Ayni paytga kelib, ushbu infeksiya aniqlangan bemorlar soni 15 nafarga yetdi.

Avvalgi bemorlar:

  • 11 mart kuni Fransiyadan kelgan yurtdoshimiz (1), uning turmush o‘rtog‘i (2), o‘g‘li (3), qizi (4), nabirasi (5) va u bilan muloqotda bo‘lgan yana bir shaxs (6);
  • 15 mart kuni Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosi (7), uning turmush o‘rtog‘i (8) va yana bir fuqaro (9);
  • 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys bilan kelgan hamyurtimiz (10) va uning turmush o‘rtog‘i (11);
  • Dubaydan kelgan yurtdoshimiz (12);
  • Istanbuldan kelgan fuqaro (13).

Koronavirusdan saqlanish uchun har bir fuqaro quyidagi tavsiyalarga amal qilishi kerak:

•    avvalo chet elga borishni rejalashtirishda dunyodagi epidemik vaziyat bo‘yicha to‘liq ma’lumotlardan xabardor bo‘ling!

•    zarurat bo‘lmagan taqdirda ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan imkon qadar cheklaning!

•    qo‘llarni tez-tez, yaxshilab sovun bilan yuving va spirtli dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaning!

•    farazandlaringizning qo‘l yuvishini doimiy nazoratga oling!

•    yuz-ko‘zingizni notoza qo‘l bilan ushlamang!

•    uy hayvonlarini boqishda, asrashda gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

•    odamlar oldida yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni dastro‘mol, salfetka yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing!

•    shamollash yoki gripp alomatlari bor odamlar bilan yaqin, yuzma-yuz muloqot qilishdan cheklaning!

•    ovqatlanishda yaxshilab pishirilgan, asosan qaynatilgan va qovurulgan taomlardan iste’mol qiling, iste’mol qilinayotgan go‘sht va sut mahsulotlarining yaxshilab pishganligiga ishonch hosil qiling!

•    isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qiling!

Eng asosiysi shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qiling!

Agarda sizda COVID-19 koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shimcha savol tug‘ilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining 71 276-49-66 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Eslatib o’tamiz, ayni vaqtda dunyo bo’ylab koronavirus bilan kasallanish holatlari soni 134 mamlakatda 181,067 kishida qayd etilgan. Ulardan 4,02% – 7275 kishi vafot etgan.

Koronavirus tarqalishining eng yuqori cho’qqisidan o’tgan XXRni hisobga olmaganda, eng ko’p miqdordagi holatlar Italiyada qayd etilgan (27,710 kishi kasallangan, 2158 vafot etgan, 2749 kishi davolangan), Eron (14991 ta infeksiya aniqlangan, 853 vafot etgan, 1669 kishi davolangan), Ispaniya (11,178 yuqtirgan, 491 vafot etdi, 1098 tuzaldi), Janubiy Koreya (8320 kasallandi, 75 vafot etdi, 1401 tuzaldi).

Germaniya va Fransiyada 5 mingdan ortiq infeksiya, 1 mingdan 3 minggacha – AQSh, Shveysariya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Norvegiya, Avstriya, Shvetsiya va Belgiyada qayd etilgan.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.