RShTYoIM Namangan filialida bosh miyada yana bir murakkab neyrojarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bemorda bosh miya qorinchasi ichida joylashgan hajmiy jarayon sababli okklyuzion gidrosefaliya holati yuzaga kelgan edi, deb xabar bermoqda “Namangan today”.

Foto: Namangan today

Gidrosefaliya – bu bosh miyaning likvor(miya suyuqligi) saqlovchi bo‘shliqlarining kengayishi hisoblanib, likvor ishlab chiqilishi va so‘rilishi o‘rtasidagi nomutanosiblik natijasida paydo bo‘ladi. Bu esa bosh miya to‘qimasi hajmining kamayishiga va kalla suyagi aylanasining oshishiga olib keladi.

Gidrosefaliyaning asosiy sabablari quyidagilardir: 1. Likvorning miya qorinchlarida katta miqdorda to‘planishi. 2. Miya qorinchalarining tez suratlarda kattalashishi (ventrikulomegaliya). 3. Bosh miya ichi bosimning oshishi.

Gidrosefaliyanin tug‘ma va orttirilgan turlari bor. Tug‘ma shakli-homilaning rivojlanish vaqtidagi buzilishlar, tug‘ruq jarayonidagi shikastlanishlar, miya qorinchalariga qon quyilishlar natijasida kelib chiqadi. Bularning natijasida likvor yo‘llari berkiladi. Orttirilgan turi – neyroinfeksiya oqibatida likvor yo‘llari berkiladi, likvor aylanishi va so‘rilishi buziladi. Bundan tashqari likvor yo‘llarida hajmli hosilalarni o‘sishi, mexanik to‘siq hosil qilishi tufayli ham gidrosefaliya yuzaga keladi.

Neyrojarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorda ham likvor yo‘lini hajmiy hosila to‘sib qo‘yishi natijasida okklyuzion gidrosefaliya holati yuzaga kelgan edi.

Bemor qattiq bosh og‘rishiga, bosh aylanishiga, ko‘rish o‘tkirligini pasayishiga, hamda ko‘ngil aynishiga shikoyat qilgan.

Endi davolash usullariga to‘xtaladigan bo‘lsak, gidrosefaliyaning asosiy davolash usullardan biri bu – jarrohlik amaliyotidir. Izlanuvchan shifokor Saydullo Sharifboev o‘tkazgan navbatdagi endoskopik jarrohlik amaliyotining maqsadi – gipertenzion gidrosefal sindromli bemorlarda likvor aylanishini me’yorlashtiridan ibrat edi. Jumladan: Miya qorinchlariga shunt o‘rnatish va neyroendoskopik usulda miya qorinchalarida likvor aylanishini tiklash. Bu jarayon bosh miya 3-qorinchasi tubini neyroendoskop yordamida perforatsiyasi deb nomlanadi.

Bu operatsiya hozirda dunyoning barcha rivojlangan davlatlarida amalga oshiriladi. Endi bu kabi murakkab neyrojarrohlik amaliyoti Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazidan keyin viloyatlar miqyosida Namanganda ham joriy etildi.