2020/2021-oʻquv yilida 130 mingdan ziyod talabani davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Foto: Google

Bu jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan Oʻzbekiston prezidentining “2020/2021-oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasida aytib oʻtilgan.

Qaror loyihasiga koʻra, 2020/2021-oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida oʻqishga qabul qilishning quyidagi umumiy parametrlari koʻzda tutilgan.

Bakalavrlar tayyorlash boʻyicha:

kunduzgi taʼlim shakliga — 101 555 nafar;

sirtqi taʼlim shakliga — 25 863 nafar etib;

kechki taʼlim shakliga — 4 368 nafar;

Magistrlar tayyorlash boʻyicha — 10 643 nafar.

Hujjat loyihasiga koʻra, 2020/2021-oʻquv yilida taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tasdiqlanadi. Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar beriladi:

– zarurat boʻlganda, yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish uchun davlat buyurtmasi parametrlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;

– iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan tumanlarining mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;

– qaror bilan tasdiqlangan grant oʻrinlari parametrlari doirasida zarurat yuzaga kelgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritish;

– Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy taʼlim muassasalarining (oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtayotgan oliy taʼlim muassasalaridan tashqari) nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt minimal miqdorining yagona koʻrsatkichlarini taʼlim sohalari va respublika hududlari boʻyicha belgilash.

Qarorga muvofiq, oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida ajratiladigan oʻrinlar soni bosqichma-bosqich 2022/2023-oʻquv yiliga qadar 2019/2020-oʻquv yiliga nisbatan ikki barobarga oshiriladi/

Shuningdek, 2020/2021-oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega boʻlgan qizlar uchun kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha tasdiqlangan davlat grantlariga nisbatan 4 foiz miqdorda alohida grant oʻrinlari ajratiladi.