Foto: France 24

Dekabr oxirida qayd etilgan koronavirusning tarqalishi fevralning ikkinchi yarmida eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi mumkin. London gigiyena va tropik kasalliklar maktabi olimlari Xubey viloyatining Uxan shahridagi kasallik alomatlari asosida matematik model yaratgan, deyiladi Bloomberg xabarida.

Foto: Sinxua

“Vaziyat anchayin mavhumligi tufayli aniq sana yoki raqamni aytish qiyin. Lekin ma’lum axborotlar asosida Uxanda kasallik avjiga chiqqanida ushbu shaharning 5 foiz aholisi, ya’ni 500 ming nafar odam virusga chalinishi mumkin”, — deydi dastur mualliflaridan biri Adam Kuxarskiy.

Olimlar tadqiqotidan keyin aytilgan raqam rasmiy ma’lumotlardagi butun dunyoda 37 ming nafar odamning koronavirusga chalingani haqidagi axborotga mos kelmaydi. Ekspertlar rasmiy ma’lumotlardagi raqam kamaytirilganini bildirgan. Bazel universiteti olimi Manuel Battegay kasallikning yengil formasi kuzatilgan vaqtda ko‘pchilik uning koronavirus ekanini payqamaganligini qayd etgan.