Xabaringiz bor, koronavirus infeksiyasining dunyo miqyosida keng tarqalib borayotganligi sababli xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz muntazam ravishda maxsus reyslarda mamlakatimizga olib kelinmoqda.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Jumladan, Namangan xalqaro aeroportiga qo‘ngan ikkita reysda Latviya va Eron davlatlaridan fuqarolarimiz olib kelindi. Tegishli dizenfeksiyalash ishlaridan so‘ng, yo‘lovchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, avtobuslarda 14 kunlik karantin uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga olib ketildi.

Ayni paytda ulardan bir guruhi “Kosonsoy” sihatgohiga joylashtirilgan. Dam olish maskanida ularning belgilangan muddatda istiqomat qilishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo etilganiga guvoh bo‘lish mumkin, deyiladi Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabarida.

Karantinga olingan hamyurtlarimizning salomatligi qat’iy nazoratga olingan, – deydi “Kosonsoy” sanatoriysi faoliyati va holati bo‘yicha mas’ul Tohirjon Turdiyev.

– Tegishli shifokorlar guruhi ish olib bormoqda. Dori-darmon va dizinfeksiyalash vositalari zahirasi yaratilgan. Karantindagilar vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazishlari uchun sport jihozlari mavjud. Savdo xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Sihatgoh oshxonasida 3 mahal issiq ovqat berilayotgani aytiladi xabarda.

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so’raymiz.